“LinkedIn” ishga yollash xizmatlariga talab kamayganligi sababli 668 nafar xodimni ishdan bo‘shatishini e’lon qildi, deya xabar bermoqda “Reuters” nashri.

Qisqartirish “LinkedIn"ning muhandislik, mahsulot, inson resurslari va moliya bo‘limlarida ishlaydigan 20 000 nafar xodimning 3% dan ortig‘iga ta’sir qiladi.

Qaror kompaniya daromadlari o‘sishining sekinlashishi fonida qabul qilindi, deya qayd etadi “CNBC”.

Ijtimoiy tarmoq reklama sotish va ishga yollash uchun xizmatdan foydalanadigan HR mutaxassislariga obuna to‘lash orqali pul ishlaydi.

IT-sanoatidagi ommaviy ishdan bo‘shatishlar va ishga yollanishning sekinlashishi tufayli LinkedIn o‘z xizmatlariga talabning pasayishiga duch kelmoqda.

2023-yil may oyida “LinkedIn” savdo va mijozlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limlarida 716 ta xodimni qisqartirdi va Xitoy bozori uchun o‘z dasturini yopish rejalarini e’lon qildi.

“Layoffs” xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yil boshidan buyon texnologik kompaniyalardan 242 mingdan ortiq odam ishdan bo‘shatilgan.


Avvalroq “Spot” “Meta” yana xodimlarini ishdan bo‘shatishi haqida yozgandi.

Ma’lum qilinishicha, ularning vazifasi “Metaverse” deb ataladigan virtual va kengaytirilgan reallik (VR va AR) qurilmalarini yaratishga qaratilgan.