Ijtimoiy tarmoqlarda 30-oktabrdan “UzAuto Motors” ommabop modellarga shartnoma berishni boshlashi haqida ma’lumotlar tarqaldi.

“UzAuto Motors” ommabop avtomobillar uchun shartnoma ochilishi haqidagi xabarlarni rad etdi va ma’lumotlarni faqat rasmiy kanallardan olishga chaqirdi.

“Bugun bir qancha avtoixlosmandlar avtomobillar uchun kontraktatsiya boshlanganligi to‘g‘risidagi mish-mishlarga ishonib, ertalabdan dilerlik markazlariga kelishgani sababli dilerliklarda katta navbatlar yuzaga keldi”, — deyiladi xabarda.

Avvalro “UzAuto Motors” Lacetti, Cobalt va Damas avtomobillari uchun kontraktatsiyani ochishi haqida xabar berilgandi.

Kompaniya tarqalgan xabarlarni rad etib, yil oxirigacha ommabop avtomobillar uchun shartnomalarni ochishini ma’lum qildi.

“UzAuto Motors” 2022-yilning dekabrida shartnoma berilishi bekor qilingan “Cobalt”, “Lacetti”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillariga sakkiz oydan so‘ng — joriy yilning 5-avgust kuni kontraktatsiyani ochdi.

Oradan bir kun o‘tib esa mazkur avtomobillar uchun sotuv limiti tugagani ma’lum qilindi. 4−5 avgust kunlari “Cobalt”, “Lacetti” va “Damas” uchun 50 mingdan ortiq shartnoma imzolandi.

Qariyb o‘n kun ichida esa deyarli 51 mingga yaqin “Lacetti”, “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun shartnomalarga to‘lov qilingan.

Kompaniya avtomobillar joriy yilda o‘z egalariga topshirilishi hamda keyinchalik bu muddat 3 oydan oshmasligini ma’lum qildi.

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda “UzAuto Motors” avtomobillari uchun “OLX” saytida shartnomalar sotilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Kompaniya internetdagi shubhali shartnomalardan ogohlantirdi.

Bunda, agar bir shaxs nomiga yiliga bir xil model uchun 2 tadan ortiq avtomobil xarid qilinsa, har bir keyingi avtomobil navbatning oxiriga o‘tadi hamda yetkazib berish muddati 120 kunga oshadi.

Shuningdek, 18-sentabr kuni “UzAuto Motors” avtomobillarning qo‘shimcha partiyasi uchun kontraktatsiyani qayta ochdi. Shu kunning o‘zida, kompaniya shartnomalar tugaganini ma’lum qildi. Bir necha soat ichida kontraktatsiyasi qayta ochilgan avtomobil modellari uchun 28 mingdan ortiq shartnomalar imzolangan.


Avvalroq “Spot” “UzAuto Motors” “Captiva-5” narxlarini e’lon qilgani haqida yozgandi.

Narxlar komplektatsiyalar turiga qarab 299 mln 900 ming so‘mdan boshlanadi.