Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda “UzAuto Motors” kompaniyasi 2024-yilgacha avtomobillar uchun yangi shartnomalar tuzmasligi va narxlar yana oshishi kutilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi.

Kompaniya matbuot xizmatining “Spot"ga xabar berishicha, mazkur ma’lumotlar asossiz va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Bundan tashqari, joriy yil yakunigacha ommabop avtomobillar uchun kontraktatsiya qayta ochilishi ma’lum qilindi.

Kompaniya aholidan mahsulot narxlari va shartnomalar bilan bog‘liq ma’lumotlarni faqat “UzAuto Motors"ning rasmiy sahifalari orqali olishni so‘ramoqda.

“UzAuto Motors” 2022-yilning dekabrida shartnoma berilishi bekor qilingan “Cobalt”, “Lacetti”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillariga sakkiz oydan so‘ng — joriy yilning 5-avgust kuni kontraktatsiyani ochdi.

Oradan bir kun o‘tib esa mazkur avtomobillar uchun sotuv limiti tugagani ma’lum qilindi. 4−5 avgust kunlari “Cobalt”, “Lacetti” va “Damas” uchun 50 mingdan ortiq shartnoma imzolandi.

Qariyb o‘n kun ichida esa deyarli 51 mingga yaqin “Lacetti”, “Cobalt”, “Damas” hamda “Labo” avtomobillari uchun shartnomalarga to‘lov qilingan.

Kompaniya avtomobillar joriy yilda o‘z egalariga topshirilishi hamda keyinchalik bu muddat 3 oydan oshmasligini ma’lum qildi.

Bu orada ijtimoiy tarmoqlarda “UzAuto Motors” avtomobillari uchun “OLX” saytida shartnomalar sotilayotgani haqida xabarlar tarqalgandi. Kompaniya internetdagi shubhali shartnomalardan ogohlantirdi.

Bunda, agar bir shaxs nomiga yiliga bir xil model uchun 2 tadan ortiq avtomobil xarid qilinsa, har bir keyingi avtomobil navbatning oxiriga o‘tadi hamda yetkazib berish muddati 120 kunga oshadi.

Shuningdek, 18-sentabr kuni “UzAuto Motors” avtomobillarning qo‘shimcha partiyasi uchun kontraktatsiyani qayta ochdi. Shu kunning o‘zida, kompaniya shartnomalar tugaganini ma’lum qildi. Bir necha soat ichida kontraktatsiyasi qayta ochilgan avtomobil modellari uchun 28 mingdan ortiq shartnomalar imzolangan.