Shahzod Sobirov 27 yoshda. Xorazm viloyati Xonqa tumanida tug‘ilgan. Hozirda O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining San’atshunoslik yo‘nalishining sirtqi ta’limida 5-bosqich talabasi. Shahzodning mutaxassisligi dastlab jurnalistika bo‘lgan, ammo, asosiy qiziqishi hisoblangan IT-sohasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Boshida ikkinchi darajali sanalgan ushbu loyiha, yosh tadbirkorning omadli bizneslaridan biri bo‘ldi. To‘rt yil oldin kovorkingda 10ta kompyuter va 60 nafar yoshlar bilan ochilgan markaz bugunga qadar 6000 nafardan ortiq yoshlarni o‘qitgan bo‘lsa, hozirda 1000 nafardan ortiq o‘quvchilar tahsil olmoqda.

“DATA” jamoasi bir necha bor yirik grantlarni qo‘lga kiritgan, hozirda 20 dan ortiq yo‘nalishlarda ta’lim beriladi. Shahzodning aytishicha, gibrid shakldagi yangi darslar ham yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.


IT’ga qiziqishim IT-markaz ochishimga sabab bo‘lgan

Urganch san’at kollejini bitirgach jurnalistika sohasida ishlay boshladim. My5 telekanalining hududiy muxbiri bo‘lib ishlaganimda aksariyat lavhalarim IT-sohasiga oid bo‘lgan.

Bir kuni Ichan-qal'ada o‘tkazilgan “NazzAR” startapi haqida lavha tayyorlash chog‘ida loyiha, uning ishlash strukturasi to‘g‘risida va O‘zbekistonda ilk bor turizm sohasida qo‘llanilgani haqida batafsil o‘rganganman. Natijada, IT da ko‘plab loyihalarni amalga oshirishda imkoniyatlar borligini bildim.

Shuningdek, “Cambridge” o‘quv markazi rahbari Jahongir Pulatovni “Instagram"dan kuzatardim, u tadbirkorga o‘xshamasdi. Men u kishining ochiqligiga, har bitta ishini, faoliyatini barcha bilan o‘rtoqlashishiga havas qilganman. Uning ustunlik jihati ingliz tilini yaxshi bilishini bilganimda, mening kuchli tomonim nimada deb o‘ylanib qoldim.

Shu shu IT-sohasida katta imkoniyatlar borligini mulohaza qilgach, ushbu yo‘nalishda ish boshlashga qaror qildim. Dastlab, durbin.uz nomli sayt ochdim. Bu sayt OAV sifatida ro‘yxatdan ham o‘tgan edi.

Saytni rivojlantirish uchun menga jamoa va media texnikalar kerak bo‘lgan. Bu bilan bir qatorda o‘quv markaz loyihasi ham rejada bo‘lgan, ammo ikkinchi darajali edi. IT’ga qiziqishim, shu yo‘nalishda ko‘p narsani o‘rganganim uchun ham 2019-yil “DATA"ni ochishga qaror qildim.

data, it, shahzod sobirov

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘quv markazni boshlang‘ich mablag‘siz, o‘zimning hisobimdan investitsiya kiritmasdan boshlaganman. Texnika do‘koniga borib, 10ta kompyuter narxining yarmini to‘lab, yarmini qarzga olganman. Ya’ni, 50 mln so‘m kerak bo‘lgan va bu pulni qarindoshimning do‘stidan olganman.

Shu tarzda ishni 10ta kompyuter bilan boshladik. Birinchi haftaning o‘zidayoq markazga 60ta o‘quvchi o‘qish istagida kelishdi. O‘sha paytlari Xorazmda bunaqa markazlar deyarli yo‘q edi. Shu sabab, bozordagi talab kuchliligi uchun ham birinchi oydanoq kurslarga o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlar soni oshib ketdi. Talab oshgani sayin, bizga yana ko‘proq kompyuterlar va mebel jihozlari kerak bo‘la boshladi.

Birdaniga 1400 kv.mli joy bo‘lmagan

Urganchdagi poyabzal ishlab chiqaradigan “Darital” zavodi binosi tarkibida birinchi kovorking ham tashkil qilingan edi. U yerdagi tadbirkorlar bilan maslahatlashib 10ta kompyuter sig‘adigan joy berishlarini so‘radim va shu yerda dastlabki darslarni boshladik.

Kovorkingda asosan uchrashuvlar, treninglar va kofe-breyk bo‘lar edi. Men ham o‘quvchilarimga o‘z hisobimdan kofe-breyk qilib berishni boshladim. Bu yerda darslarni olib borish natijasida kovorking va markaz faoliyati birlashib ketdi. Darslar effekti ham samarali bo‘la boshladi.

Bir yildan so‘ng binoning foydalanilmayotgan qismini ijaraga olib, ta’mirladik. Ta’mirlashga ham ancha-muncha mablag‘ sarflandi. Jihozlar, bino dizayni uchun ikki marotaba grant yutganmiz:

  1. 2021-yilda Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan qiymati jami 1 mlrd so‘mlik grantni qo‘lga kiritganmiz va bu mablag‘ning 750 mln so‘mdan ortig‘i kompyuter-texnikalarga, 50 mln so‘mdan ortig‘i esa mebel-jihozlarini xarid qilishga sarflangan. Jami 8 ta sinfxonada darslar olib borilgan.

  2. 2022-yil Sanoat Qurilish Bank tomonidan qiymati 4 mlrd so‘mlik homiylik granti yutganmiz.

Grantlardan tashqari ham o‘zimizning foydadan yangi sinfxonalarni ochib, ishga tushirganmiz. Hammasi birdaniga bo‘lmagan, dastlab, markaz ochilganida hatto, mehmonlarni kutib olish uchun alohida joy ham yo‘q edi. Asta-sekin, oz-ozdan oyoqqa turdik.

Nega aynan “DATA”? “Data” ingliz tilida — ma’lumotlar degan ma’noni bildiradi. Brendi tanlashda variantlar juda ko‘p bo‘lgan, “Durbin” — uzoqni yaqin qiluvchi, “Innovator” kabi, lekin, Jahongir Pulatov bilan maslahatlashib aynan shu “DATA"da to‘xtaldik.

O‘zim yaratgan “kosmonavt” logotipi va obrazi bilan 2,5 yil ishladik. Ammo, xalqaro maydonga chiqishda brend muhim ro‘l o‘ynaydi. Shu sababdan, “Ma’no brending” bilan birgalikda ish olib bordim. YeTTB tomonidan e’lon qilingan grant loyihasi asosida brending uchun qilingan hamkorligimizga sarflangan 124 mln so‘mning 75%i qaytib berilgan.

“Ma'no brending” taklif qilgan 3ta loyihadan, “DDD” bizga ma’qul kelgan. Buning g‘oyasi shundan iboratki, biz bilimga, motivatsiyaga, ilhomga to‘ldirishni maqsad qilganmiz. Ya’ni, “DATA bilimga to‘ldiradi”.

data, it, shahzod sobirov

Foto: DATA

“DATA"da 6000dan ortiq yoshlar o‘qigan

Markaz ochilganida videomontaj va web-dasturlash bo‘yicha jami 3ta o‘qituvchi dars bergan. O‘quvchilarni jalb qilish bilan o‘zim shug‘ullanganman. Albatta, ishni boshlanishida moliyaviy va aqliy resurs doimo kam bo‘ladi.

O‘quvchilarni yig‘ishda deyarli muammo bo‘lmagan. Xorazmdagi avtomobil bozorlarini reklama qilib yuradigan “YouTube” platformasidagi blogerlarni chaqirib, faoliyatimiz haqida intervyular berdik. Buni markaz ochilishidan 10 kun oldin amalga oshirganmiz. Va o‘sha 60 ta o‘quvchi bizni “YouTube"dan ko‘rib, qiziqish bildirib kelishgan. Ular ichidan saralab olinganlar bilan darslarni boshladik.

Bugungi kunda “DATA"da 80 nafardan ortiq o‘qituvchi (ularning 80%i o‘zimizda ta’lim olgan o‘quvchilar), xodimlar bilan faoliyat olib bormoqdamiz. Pedagoglarning o‘rtacha maoshi 15 mlndan 20 mlngacha boradi.

Hozirda markazda bir paytning o‘zida 1000 nafardan ortiq o‘quvchilar ta’lim olish imkoniyati mavjud. Yiliga 3−6 oydan, 4000−5000 nafar yoshlarni o‘qita olamiz.

Bugunga qadar kurslarimizda 6000 nafardan ziyod o‘g‘il-qizlar o‘qigan. O‘quvchilarimizning asosiy yosh qatlami 20 yoshdan kichiklar hisoblanadi. Birinchilardan bo‘lib, ushbu yangi sohani boshlaganimiz sababli, asosiy e’tiborni va vaqtni ko‘proq nazariyani o‘rgatishga sarfladik.

Dastlab o‘quv kurslarga kuchli mentorlarni jalb qilishni reja qilgan edik, ammo, Xorazmdagi segmentni o‘rganganimizda asosiy og‘riqli nuqta 0 dan boshlab o‘rganish bo‘lgan.

data, it, shahzod sobirov

Foto: DATA

Kurslar haqida

Asosiy kurslarimiz dasturlash, media va moliyaviy boshqaruvlardan iborat. Bu kurslar ham yana bir qancha yo‘nalishlarga ajralib ketadi. Faoliyat boshlaganimizda narxlar 550 ming so‘mni tashkil etgan, hozirda esa 750 ming so‘mdan boshlanadi. Ushbu summa 1 oylik o‘quv kursiniki bo‘lib, hafta mobaynida 3 kun, jami 3 soatdan darslar olib boriladi.

Har bir kursda nechta o‘quvchi bo‘lishi talabga qarab shakllanadi. Asosan, guruhlarga 10 nafardan o‘quvchilar qabul qilinadi. Ularning har biriga darsda foydalanish uchun kompyuter beriladi. Darsdan tashqari vaqtda ham mustaqil shug‘ullanishlari uchun ertalab 09:00 dan kechi 22:00 ga qadar markazda 80ta kompyuter o‘rnatilgan. Har oy yakunida o‘quvchilardan imtihon olinib, umumiy 70%dan yuqori ko‘rsatkichga erishganlarga sertifikat topshiriladi.

O‘quvchilar orasida o‘zaro muloqotni o‘rnatish maqsadida, mashg‘ulotlardan so‘ng kofe-breyk ham tashkil qilganmiz. Shuningdek, har hafta dam olish kunlari mutaxassislar, yetakchi korxona rahbarlari kelib o‘quvchilarga seminar-treninglar o‘tkazishadi.

Bugungi kunda markazda o‘qish uchun quyidagi yo‘nalishlarda qabul mavjud:

  • Arxitektura va dizayn — 4 oy
  • Dasturlash: FRONTEND — 6 oy
  • Grafik dizayn — 3 oy
  • Ofis dasturlarida ishlash — 2 oy
  • Video montaj — 3 oy
  • Android dasturlash — 5 oy
  • Robototexnika KIDS — 7 oy
  • Buxgalteriya +1C — 3oy
  • SMM — 3 oy
  • Kompyuter savodxonligi KIDS — 2 oy
  • Web dasturlash KIDS — 4 oy
  • Mobil o‘yin yaratish KIDS — 3 oy
  • Dasturlash: Back-end PPython — 6 oy
  • Dasturlash: Back-end NODEJS — 6 oy
  • Word Press — 3 oy
  • Mobilografiya — 1 oy

Foto: DATA

Intervyu marketingi — samarali yo‘l

O‘quv markazga jalb qilishda dastlab “Telegram” va “Instagram” ijtimoiy tarmoqlariga kontent yaratib, so‘nggi 1 yilda ikkinchisida target yoqish orqali reklama berishni boshladik. O‘qish istagini bildirganlarning katta qismi ham aynan shu ijtimoiy tarmoqlar orqali bizni topishgan.

Biz reklama qilishda o‘quvchilarning o‘zlari bilan birgalikda ishladik. Buning uchun ulardan intervyu olib, sahifalarimizda yoritdik. O‘qishni boshlaganiga 1 hafta yoki 1 oy bo‘lganidan qat’i nazar, ulardan kuniga 3tadan intervyular olib, kanalga qo‘yamiz.

Kanalda o‘zining videosini ko‘rgan bola uni barcha tanishlariga jo‘natadi va bu ham reklamaning bir usuli bo‘lib xizmat qildi.

Markazning o‘z ekotizimi bor. Biznesimizda ekotizim hosil qilishni yo‘lga qo‘ymoqdamiz. Dastlab, “Data kids” dasturini yo‘lga qo‘ydik va bu 7 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalarni o‘qitish tizimi hisoblanadi.

Shuningdek, joriy yil “DATA biznes Inkubator va Murabbiylik markazi” loyihasini ham amalga oshiryapmiz va bu biznes g‘oya uchun Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida “Qishloq tadbirkorligini rivojlantirish — 2-faza” loyihasi doirasida $230 ming miqdorda grant yutganmiz.

Bundan tashqari, “Asa boshladik”, “Data shop”, “Data languages” kabi loyihalarimiz ham faoliyatini boshlamoqda. Biz o‘quvchilarimizdan startap mahsulotlarini ishlab chiqadigan universal jamoa tashkil qilishni ham maqsad qildik.

Aksariyat jamoalar faqat dasturchilardan iborat, ammo jamoada sotuv bo‘limi bilan alohida, loyiha strukturasi va boshqa sohalari bilan alohida ishlovchi xodimlar ham bo‘lishi kerak. Shu sababdan, biz IT bo‘yicha “injenerlar” ni shakllantiruvchi “Data Soft” ni yo‘lga qo‘ymoqchimiz.

data, it, shahzod sobirov

Foto: DATA

Qimmatga tushgan xatoyim va xulosam

Nimani sanay olsangiz, shuni boshqara olasiz…Oxirgi bir yilda kompaniya uchun poytaxtdan ekspertlar jamoasi — marketolog, sotuv bo‘limi, konsalting bo‘yicha xodimlarni jalb qildim.

Ularga o‘rtacha $15 mingdan ziyod mablag‘ sarflangan bo‘lib, ikki oyda tugallanishi kerak bo‘lgan loyiha edi. Natijada sotuvlarimiz hajmi 40−50%ga oshishi va brendimiz ko‘tarilishi kerak edi.

Xatoyim mutaxassislar onlayn faoliyat yuritishgani, richagni ularning qo‘liga berganimiz — ishni boshlashganida protsessdan chiqqanim bo‘ldi. Jamoa ish boshlaganidan keyin markaz 47% sig‘im potensialiga tushib ketdi, vaholanki oldingi ko‘rsatkich 80%ni tashkil qilgandi.

Buning badalini butun jamoa bo‘lib to‘ladik. Xatoyimdan xulosa chiqargan holda, hozirda rossiyalik, 18 yillik tajribaga ega ma’lumotlar bazasi bilan ishlaydigan konsultantni jalb qilganmiz, u markazning o‘zida turib faoliyat olib boryapti.

Biznesdagi ikki muhim bilim

Besh yoki o‘n yillik strategiya qilish, rejalashtirish hozirgi zamonda o‘z kuchini yo‘qotmoqda, chunki biz yo‘lni oxirigacha yoki yarmigacha ko‘rish qobiliyatiga ega emasmiz. Lekin, biz barcha imkoniyatlarni ishga solgan holda harakat qilishimiz kerakligini bilganmiz.

Agar menga avval boshdan 4 yildan keyin qanaqa muammo kutib turgani aytilganda, balki bu ishga kirishmagan bo‘lardim. Ammo, o‘zimga bo‘lgan ishonch, harakat qilish tuyg‘usi bilan bu yo‘lga kirdim, hatto, 2,5 yilgacha korxona rahbari sifatida minimum maosh bilan ishladim. Shu sohani yaxshi ko‘rganim, barcha umid va fokusimni ishga qaratganim uchun bugun bu darajaga erishdim, deb o‘ylayman.

data, it, shahzod sobirov

Foto: DATA

Boshida bizda ham dunyo miqyosiga chiqamiz degan katta xayollar bo‘ldi, ammo, mana shu maqsadlarni muddatlarga taqsimlamadik. Shu jihatdan xato qildik. Aksariyat o‘ylagan startap g‘oyalarimiz amalga oshmay qolgan.

Biznes har bir insonning aksi hisoblanadi. Ish boshlashdan oldin o‘zimizga qanday qilib emas, balki nima uchun degan savolni qo‘yishimiz kerak. Biznesda ikki xil bilim mavjud, bular, tadbirkorga va biznesga tegishli bilim. Oldin shu ikkalasini farqlab olish lozim.

Ko‘pchilik biznesga tegishli bilimlarni chuqur o‘rganadi: qanday boshlashni, qanday yuritishni. Ammo, asosi bu yerda biznesmenning o‘ziga tegishli bo‘lgan bilimidir. Maqsadlarni aniqlab olib, aynan nima uchun shu ishda bo‘lishi kerakligiga javob topa olish lozim. Shundagina, biznes o‘z-o‘zidan shakllanib boradi.

Dastlab, o‘zini bilim bilan boyitishi kerak, chunki, insonga pul emas, bilim yetmay qoladi. Masalan, biz O‘zbekistonning barcha viloyatlarida filiallar ochishni reja qilgan edik va bu uchun 1 trln 995 mlrd mablag‘ kerak bo‘lar ekan. Bizda esa yetarli bilim bo‘lmagani sabali ushbu mablag‘ yo‘q.

Shuningdek, rahbar tizimni boshqarishi, nazorat qilishi lozim. Tizim esa xodimlarning samarali faoliyatini yo‘lga qo‘yadi. Men hozirda 50−60% tizim o‘rnatganman. Qachonki ko‘rsatkichini 80%ga yetkazsak, keyin filiallarni yo‘lga qo‘ysak bo‘ladi.

Lekin buni amalga oshirish uchun bizda imkoniyatlar yetarli, joy masalasida ham muammo yo‘q. Asosiy muammo o‘qitish uchun tajribali kadrlarning yetishmasligida. Bizning o‘quv markazni kengayishida shu narsa ham to‘sqinlik qilmoqda. Ya’ni, bizdan yetishib chiqqan kadrlarni tuman markazlariga jo‘natish, qatnab ishlashlari uchun sharoit yaratish biroz qiyinchilik tug‘dirmoqda.

Foto: DATA

Kelgusidagi rejalarim

Hozirda Xorazmda IT’ga ixtisoslashgan maktab mavjud emas. Shu sababdan “DATA” maktabini ochishni reja qilyapmiz. Hamkorlarimiz va ukrainalik ekspertlar bilan hamkorlikda ana shu maktab loyihasi ustida ish olib bormoqdamiz. Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot banki bilan hamkorlikda maktabning franshiza paketini ishlab chiqyapmiz.

Bu paket “DATA” ga o‘xshagan o‘quv markazlarini ochmoqchi bo‘lganlarga kelishilgan holda sotuv qilinadi. Shuningdek, gibrid ta’limni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Buning uchun 460 mln so‘mga zamonaviy studiya xarid qildik. Bu studiyada onlayn darslarimizni yozishni reja qilyapmiz.

Bunda “Mohirdev” bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ymoqdamiz va kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, UI/UX yo‘nalishlarida darslarni yo‘lga ishlab chiqamiz. Ya’ni, onlayn va oflaynni birlashtiramiz. Loyihani dekabr oyida amalga oshirishni reja qildik.

Markazimiz avval onlayn ta’limni sinab ko‘rmagan va bu birinchisi. Bu onlayn darslar hozirda o‘zimiz o‘qitayotgan kurslarda emas, yangi yo‘nalishlarda yo‘lga qo‘yiladi.