Toshkent metropolitenining Yer usti halqa yo‘lining ikkinchi bosqichi doirasidagi yani ikkita bekatda qurilish ishlari o‘z yakuniga yetkazildi. Bu haqda metropoliten matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, Quruvchilar dahasidan Sergeli mavzesiga qadar qurilayotgan bekatlar — “Turon” (13-bekat) va “Qipchoq” (14-bekat) bekatlari foydalanish uchun tayyor holga keltirilgan.

Shundan kelib chiqib, metropoliten qurilish qoidalari va me’yorlariga ko‘ra, Yer usti halqa yo‘lining mazkur bekatlarida joriy yilning 15-dekabridan sinov tarzida poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yildi.

Bunda sinov jarayonlari yo‘lovchilarsiz amalga oshirilishi qayd etilgan. Yo‘lovchilar uchun xizmat ko‘rsatishning boshlanish muddati to‘g‘risidagi ma’lumotlar sinov natijalari asosida qo‘shimcha taqdim etiladi.

5-noyabrdan “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishining Texnopark (Do‘stlik-2) va Yashnobod (2-bekat) bekatlarining ish rejimi soat 06:00dan 22:00gacha tashkil etilgandi. 16-dekabridan Toshkent metropolitenining “Yer usti halqa yo‘li” yo‘nalishidagi “Tuzel” bekatida ish rejimi qisqartirildi.

2020-yil avgustda Toshkent yerusti metrosining birinchi bosqichi ishga tushirilgandi. O‘sha yilning dekabrida esa Sergeli yo‘nalishi ochildi.

Yil boshida prezident ikkinchi bosqich qurilishi bilan tanishib, ishlar o‘z vaqtida boshlanmaganida, shahar transportida kollaps bo‘lishi mumkinligini qayd etgandi.

Aprel oyida Toshkent metrosining yer usti bekatlarini nomlash ovozga qo‘yildi. Undan keyin, yerusti halqa metro yo‘lining beshta yangi stansiyasi ishga tushirildi.

Pensiya oluvchilar Toshkent metropolitenidan to‘liq faoliyat ko‘rsatish vaqtida bepul foydalanishlari mumkin.