Davlat rahbari joriy yilning 22-noyabr kuni “O‘zbekneftgaz"da bo‘lganida istiqbolli geologiya maydonlarini o‘zlashtirish bo‘yicha vazifalar qo‘ygandi.

18-dekabr kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda soha mutasaddilari mazkur vazifalar ijrosi, 2024-yilga mo‘ljallangan geologiya-qidiruv va ishlab chiqarish dasturi bo‘yicha axborot berdi.

Mazkur ishlar ikki yo‘nalishda — ham mavjud konlarda gaz qazib olish hajmini saqlab qolish, ham yangi zaxiralarni aniqlash bo‘yicha olib borilmoqda.

Oxirgi yillarda geologiya-qidiruv ishlari 2−3 kilometrdan 4−5 kilometr chuqurlikkacha tushirildi. Natijada yangi gaz zaxiralari aniqlanib, qo‘shimcha 4,4 mlrd kub metr gaz qazib olindi.

Shuningdek, xalqaro konsalting kompaniyasi jalb qilinib, istiqbolli quduqlarni ishga tushirish imkoni topildi. Buni davom ettirib, kelgusi yilda 3,5 ming kvadrat kilometr maydonda seysmik ishlar olib borish hamda yangi qidiruv quduqlari qurish rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda buning uchun xorijiy investitsiyalar jalb etish, tarmoq korxonalarini aylanma mablag‘ bilan ta’minlash masalasi ko‘rib chiqildi.

Ilg‘or texnologiyalarni olib kelib, 6−7 kilometr chuqurlikda geologik burg‘ulashga o‘tish masalalari muhokama qilindi.

Energiya manbalarini izchil yetkazib berish, shu bilan birga, hududlar va yirik korxonalar kesimida to‘lov intizomini ta’minlash muhimligi ta’kidlandi.

Fransiya prezidenti Emmanuel Makronning mamlakatga tashrifi doirasida “Orano” O‘zbekistonda geologiya-qidiruv ishlari va uran qazib chiqarish sohasida yangi loyihalarni amalga oshirishi ma’lum bo‘lgandi.

Kompaniyasi mamlakatda uran qazib olish va qayta ishlashga $500 mlngacha sarmoya kiritadi. Hozirda geologiya-qidiruv ishlarini olib bormoqda, joriy yil oxirigacha loyihaning dastlabki texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqiladi.

Avvalroq Rossiya O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi. Geologiya-qidiruv ishlari natijalariga ko‘ra mamlakatda gaz konlarining ochilishi prognoz qilinmoqda.