Rossiya O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Rossiya sanoat va savdo vaziri Denis Manturovga tayanib “TASS” xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda tomonlar O‘zbekistondagi sinov laboratoriyalarini modernizatsiya qilish va qayta jihozlash uchun sinov uskunalarining tavsiya etilgan ro‘yxatlarini shakllantirgan. Natijada, bu mahsulotlarning YEOIIning 15ta texnik reglamenti talablariga muvofiqligini baholash imkonini beradi.

“Biz energetika sohasidagi hamkorlikka katta ahamiyat beramiz. O‘zbekistonga neft va neft mahsulotlari yetkazib berishni ko‘paytirish imkoniyatlarini o‘rganmoqdamiz”, — dedi Manturov.

Vazir Rossiya mamlakatning o‘z mineral-xom ashyo bazasini rivojlantirish istagini qo‘llab-quvvatlashini hamda geologiya va yer qa’ridan foydalanish sohasida hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ta’kidladi.

Shuningdek, Manturov tomonlar Orol dengizi akvatoriyasida neft va gaz bo‘yicha geologiya-qidiruv ishlarini olib borish bo‘yicha muvaffaqiyatli loyihalarga ega ekanligini ta’kidladi.

“Postsovet tarixida birinchi marta O‘zbekiston hududida uglevodorod xomashyosi bo‘yicha seysmik qidiruv ishlari olib borildi. Ularning natijalari mintaqada yirik, asosan gaz konlari topilishini prognoz qilish imkonini beradi”, — dedi vazir.

Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakat Rossiyadan neft va neft mahsulotlari importini kengaytirishga tayyorligini ta’kidlagandi.

Noyabr oyi boshida O‘zbekiston Rossiya va Qozog‘iston bilan neft yetkazib berish hajmini oshirish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma tuzdi. Kelishuv 2024-yilda Qozog‘istondan tranzit orqali 1 mln tonna Rossiya neftini yetkazib berishni nazarda tutadi.

Avvalroq Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlari benzin ishlab chiqarishni 21%ga oshirgani haqida xabar berilgandi.