2024-yilda Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga neft importi hajmini 1 mln tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Bu bo‘yicha, 3-noyabr kuni Moskvada Rossiya Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Pavel Sorokin, O‘zbekiston Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmadxo‘jayev va Qozog‘iston energetika vaziri o‘rinbosari Yerlan Akkenjenovlar uch tomonlama hujjat imzoladi.

Unga ko‘ra, kelishuvni amalga oshirishda Omsk — Pavlodar — Chimkent — Shagir neft quvuri orqali yuk tashishni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etilgan.

Shartnomada tomonlarning uzoq muddatli asosda kelasi va undan keyingi yillarda neft importini 1 mln tonnaga yetkazish bo‘yicha tijorat shartnomalarini amalga oshirishda har tomonlama yordam ko‘rsatishi belgilangan.

Xususan, neft xomashyosining o‘zaro maqbul narxini kelishish hamda hajmini oshirishni hisobga olgan holda, mamlakatlar hududi bo‘ylab neftni to‘liq hajmda to‘sqinliksiz tashish ta’minlanadi.

Ushbu shartnoma quyidagi maqsadlarni amalga oshirishga imkon beradi:

  • 6−7-oktyabr kunlari o‘tkazilgan muhokamalarda uch davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvni tezroq amalga oshirish;
  • transport xarajatlarini hisobga olgan holda, temir yo‘l orqali yetkazib berishga nisbatan arzonroq bo‘lgan neft quvurlari ta’minotini rivojlantirish;
  • O‘zbekiston hamda chegaradosh hududlarning neft quvurlari infratuzilmasini rivojlantirishga ko‘maklashish.

Shuningdek, bular qatorida neft bilan barqaror ta’minlash va O‘zbekistonda yuqori sifatli benzin hamda boshqa yoqilg‘i-moylash materiallarini ishlab chiqarish hajmining oshishi sabab, mamlakatdagi neftni qayta ishlashga ixtisoslashtirilgan ikkita zavodning ishlab chiqarish samaradorligini yuksaltirish belgilanmoqda.

“Benzin ishlab chiqarishning ko‘payishi O‘zbekistonda AYoQSh tarmog‘ini ham kengaytirish imkonini yaratadi. Bu esa xizmat ko‘rsatish hamda yoqilg‘i sotish geografiyasi bo‘yicha aholiga sifat jihatidan yangi xizmatlar ko‘rsatishga yordam beradi”, deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan tashqari, Rossiya neftining barqaror ta’minoti neftni qayta ishlash quvvatlarini modernizatsiya qilishga va yangilarini qurish hamda yuqori qo‘shimcha qiymatga ega eksport mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirishga yordam berishi qayd etilgan.

Avvalroq Energetika vazirligi rahbari Jo‘rabek Mirzamahmudov O‘zbekiston Rossiyadan neft va neft mahsulotlari importini kengaytirishga tayyor ekanligini bildirgandi.

Oktabrdan Rossiyadan Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga tabiiy gaz yetkazib berish jarayoniga start berildi. Kelishuvga ko‘ra, kuniga 9 mln kubometr, yillik hajmda esa qariyb 2,8 mlrd kubometr tabiiy gazni import qilish belgilangan.

O‘zbekiston hukumati va “Gazprom” energetika sohasida hamkorlik bo‘yicha strategik memorandum imzoladi. Undan keyin, Rossiya O‘zbekiston, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan kelgusi 15 yil davomida gaz bo‘yicha hamkorlik qilishni ko‘rib chiqayotgani ma’lum bo‘ldi.