Joriy yilning 13-dekabridan Toshkent shahri, Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi metan “zapravka"lar faoliyatiga qo‘shimcha cheklovlar kiritilgandi.

“Hududgazta'minot"dan tabiiy gaz oluvchi 1 179ta AGTKShning 547tasi belgilangan grafik asosida ishlamoqda.

Yuzaga kelgan ortiqcha talabni qoplash maqsadida yuqoridagi hududlarda avtobenzin va dizel yonilg‘isi miqdori oshirildi. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev ma’lum qildi.

Buxoro va Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodlarining avtobenzin ishlab chiqarish quvvatlari 3,3 ming tonnadan 4 ming tonnaga yetkazildi. Kuniga o‘rtacha 700 tonna qo‘shimcha avtobenzin ishlab chiqarilmoqda.

Rossiyadan import asosida olib kelinayotgan AI-92 K5 rusumidagi avtobenzin hajmi ham oshirildi. Bu esa ichki bozorda birja savdolariga chiqariladigan avtobenzin miqdorining oshirilishini ta’minlagan.

Metan “zapravka"larga 4,9 mln kubometr tabiiy gaz hamda 700 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. AYoQShlarda sotish uchun birja savdolariga 3 210 tonna avtobenzin, 20 496 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yildi. Shundan 3 210 tonna avtobenzin hamda 18 738 tonna dizel yonilg‘isi sotilgan.

Vodiy viloyatlardagi metan “zapravka"lar faoliyatiga qo‘yilgan vaqtinchalik cheklovlar iste’molchilarning avtobenzinga bo‘lgan talabini keskin oshirgan. Bu haqda “O‘zbekneftgaz” kompaniyasi matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘tgan 2022−2023 yilgi anomal sovuq davridagi talablardan kelib chiqib, Farg‘ona vodiysidagi AYOQShlarga yetkazib beriladigan kunlik benzin hajmi 400 tonnadan o‘rtacha 800 tonnaga oshirildi. Talab etiladigan 7,8 ming tonna benzin zaxirasi vodiyga yo‘naltirilgan.

Farg‘ona NQZ 11-dekabrdan AI-80 va AI-92 benzinlarining umumiy ishlab chiqarish hajmini 1000 tonnagacha oshirgandi. Ishlab chiqarilgan benzinning asosiy qismi vodiy iste’molchilariga yetkazib berilmoqda.

Bundan tashqari, 13-dekabrda “O‘zbekneftgaz” tomonidan Farg‘ona vodiysidagi AYOQShlarga jami 929 tonna benzin yetkazib berilgan. Shundan, 503 tonnasi Andijon viloyatiga, 202 tonna Namangan viloyatiga hamda 224 tonnasi Farg‘ona viloyatiga to‘g‘ri keladi.

Farg‘ona vodiysida “call centre” ishga tushirilib, iste’molchilar haftaning 7 kuni davomida soat 08:00dan 20:00gacha neft bazalar bilan bog‘lanib, avtobenzin ta’minoti bo‘yicha ma’lumot olishlari mumkin.

Avvalroq Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov mamlakatga 371 ming tonna benzin import qilish rejalashtirilganini ma’lum qilgandi. Shundan, “O‘zbekneftgaz” tomonidan 100 ming tonna va tadbirkorlar tomonidan esa 270 ming tonna benzin olib kelinishi bildirilgan.

Yil yakunigacha ichki resurslar va tashqaridan olib kelinadigan xomashyo hisobidan 1,32 mln tonna benzin yetkazib beriladi. 80 ming tonna benzin import qilinib, kafolatlangan, ehtiyoj ortgan paytda ta’minlash ko‘zda tutilgan