O‘zbekistonda benzinga bo‘lgan ehtiyojni qondirish maqsadida ichki ishlab chiqarishni oshirish va importdan qo‘shimcha olib kelish choralari ko‘rilmoqda.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida o‘tkazilgan “Hukumat soati"da Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov qayd etdi.

Vazir avtotransport haydovchilarini benzin bilan kafolatli ta’minlash borasidagi ishlarga to‘xtalib, o‘rganish ishlari olib borilayotganini ta’kidladi.

“Albatta, bu yerda taqchillik deb bo‘lmaydi. Lekin, joylarda aniqlangan, ya’ni manipulyatsiya qilgan “zapravka"larga nisbatan choralar ko‘rilmoqda, o‘rganilmoqda”, — dedi Mirzamahmudov.

Energetika vaziri Rossiya hukumati tomonidan benzin va dizel yoqilg‘isi eksportiga vaqtinchalik kiritilgan cheklov benzin taqchilligiga unga ta’sir qilganini tasdiqladi.

“To‘g‘ri, Rossiya tarafidan kiritilgan cheklov ham bunga ta’sir qildi. Lekin, prezidentimizning (Rossiga) tashrifi davomida hukumatlararo kelishuvga erishildi. Ya’ni cheklov bo‘lishi yoki bo‘lmasligiga qaramay (O‘zbekistonga) ististno tarzida kafolatlangan olib chiqib ketish imkoniyati yaratildi”, — dedi u.

Qayd etilishicha, hozir Rossiya kompaniyalaridan import benzinini olib kelish boshlangan. Tuzilgan shartnomalar, jumladan, barcha jarayon yakunlanib, noyabr oyida benzinning dastlabki partiyalari mamlakatga kirishni boshladi.

Joriy yilning o‘tgan davrida O‘zbekistonda jami 1,16 mln tonna benzin ishlab chiqarilgan. Energetika vazirining qayd etishicha, 371 ming tonna benzin import qilish rejalashtirilgan. Shundan, “O‘zbekneftgaz” tomonidan 100 ming tonna va tadbirkorlar tomonidan 270 ming tonna benzin olib kelinadi.

“Yil yakunigacha ichki resurslar va tashqaridan olib kelinayotgan xomashyo hisobidan 1 mln 329 ming tonna benzin yetkazib beriladi. Xususan, noyabr-dekabr oylarida 80 ming tonna benzin import qilinib, kafolatlangan, ehtiyoj ortgan paytda ta’minlash ko‘zda tutilgan”, — dedi vazir.

Avvalroq Jo‘rabek Mirzamahmudov Rossiya tomonidan kiritilgan cheklovlar mamlakatga yetkazib berishga ta’sir qilmaganini qayd etib, “asosiysi, yetkazib berishda hech qanday cheklovlar yo‘q”, deya qo‘shimcha qilgandi.

Bundan tashqari, Mirzamahmudov Raqobat qo‘mitasi tomonidan birjada AI-80 benzinini sotib olish limiti oshirilganiga izoh berib, mamlakatda yoqilg‘i defitsiti yo‘qligini ta’kidladi.