Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodi 11-dekabrdan Avtomobil nebzini ishlab chiqarishni oshiradi. Bu haqda “Saneg” kompaniyasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, qish mavsumida avtomobil yoqilg‘isiga bo‘lgan talabdan kelib chiqib, srategik qaror qabul qilingan.

Benzin ishlab chiqarish hajmining oshirilishi yoqilg‘i bozorida barqaror taklifni ta’minlab, zavodga qish mavsumida iste’molchilar talabini samarali qondirish imkonini berishi kutilmoqda.

Xususan, zavod AI-80 va AI-92 benzinlarining umumiy ishlab chiqarish hajmini ikki barobarga — kuniga 1000 tonnagacha oshiradi.

“Saneg” kompaniyasi bosh direktorining neftni qayta ishlash bo‘yicha o‘rinbosari Habib Latipovning ta’kidlashicha, ishlab chiqarish hajmining oshirilishi yangi texnologik yechimlarning joriy etilishi bilan bog‘liq bo‘lib, aholini arzon yoqilg‘i bilan ta’minlashga qaratilgan.

“Zavod texnologik jarayonlarning yangi bosqichiga chiqmoqda, uskunalarning optimal ish parametrlarini belgilamoqda. Benzin ishlab chiqarish hajmining o‘sishi erkin bozor narxini shakllantirishga xizmat qiladi”, — dedi Latipov.

“Saneg” 2022-yilning kuzida Farg‘ona neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilishni boshlagan. Kompaniya yuqori oktanli benzin, aviatsiya yoqilg‘isi, bazaviy va motor moylari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ishlariga $400 mlndan ortiq sarmoya kiritish niyatida ekanligini ma’lum qildi.