Fransiyaning “Orano” kompaniyasi O‘zbekistonda uran qazib chiqarishni kengaytirish istagida. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Emmanuel Makronning rasmiy tashrifi doirasida o‘tayotgan O‘zbekiston-Fransiya biznes forumida Shavkat Mirziyoyev “Orano” kompaniyasi raisi Klod Imoven bilan uchrashdi.

Uchrashuvda geologiya-qidiruv ishlari va uran qazib chiqarish borasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha tashabbuslar qo‘llab-quvvatlandi.

Avvalroq Fransiya prezidenti Emmanuel Makron O‘zbekistonga tashrifi doirasida uran yetkazib berishni ko‘paytirish masalasini muhokama qilishni rejalashtirayotgani haqida xabar berilgandi.

Orano 2018-yili O‘zbekiston bilan yadro energetikasi sohasida qo‘shma ishlar bo‘yicha muzokaralar olib borgandi. 2019-yilning kuzida Fransiya kompaniyasi va Davlat geologiya qo‘mitasi Qizilqum cho‘lidagi uran konlarini o‘zlashtirish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishga kelishishdi.

2022-yilning iyul oyida prezident 2030-yilgacha uran qazib olish va qayta ishlashni ikki baravar oshirish bo‘yicha topshiriq berdi. Qarorda “Orano” mamlakat atom sanoatini o‘zgartirishda ishtirok etishi aytilgan.

O‘tgan yilning noyabr oyida “Orano” “Navoiyuran” kompaniyasi hamda Davlat geologiya qo‘mitasi bilan strategik hamkorlik to‘g‘risida shartnoma tuzdi. Hujjat bilan, korxonalar birgalikda uran konlarini izlashi va o‘zlashtirishi keltirilgan. Jumladan, “Jangeldi” konini o‘zlashtirish bo‘yicha yo‘l xaritasini tayyorlash rejalashtirilib, unga fransuz mutaxassislari jalb qilingan.

Kompaniya saytidagi ma’lumotlarga ko‘ra, “Orano” O‘zbekistonda “Nurlikum Mining” MCHJ QK (51% “Orano” va 49% “Navoiy Uran” davlat korxonasi) orqali mavjud.

Orano” — uran va yadro yoqilg‘isini ishlab chiqarish bo‘yicha dunyoning yirik kompaniyasi. Aktivlari qiymati 29 mlrd yevrodan ortiqni tashkil etadi.