Fransiya prezidenti Emmanuel Makron O‘zbekiston va Qozog‘istonga tashrifi doirasida uran yetkazib berishni ko‘paytirish masalasini muhokama qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.

Noyabr oyi boshida Makron Qozog‘istonga tashrif buyuradi, undan keyin esa O‘zbekistonga keladi. “Bloomberg"ning qayd etishicha, safardan maqsad Markaziy Osiyodan energiya yetkazib berish orqali Fransiyaning energetik xavfsizligini mustahkamlashdan iborat.

Fransiya Rossiyaning qazib olinuvchi yoqilg‘i importiga bo‘lgan qaramligini diversifikatsiya qilish va kamaytirishga harakat qilmoqda.

Yadro yoqilg‘isining yangi yetkazib beruvchilarini topish zarurati Yevropa bozoriga uranning ikkinchi yirik eksportchisi bo‘lgan Nigerda iyuldagi davlat to‘ntarishidan keyin kuchaydi. Yaqinda Fransiyaning “Orano” kompaniyasi harbiy xuntaga qarshi xalqaro sanksiyalar joriy etilishi bilan bog‘liq logistik muammolar sabab, Nigerda uran rudasini qayta ishlashni to‘xtatishga majbur bo‘ldi.

Nashr manbasiga ko‘ra, Emmanuel Makron energetika, qishloq xo‘jaligi va tog‘-kon sanoati sohalarining 15 nafar biznes rahbarlaridan iborat delegatsiya bilan Markaziy Osiyoga boradi.

Xususan, “Electricite de France SA” kommunal kompaniyasi va yadroviy reaktorlarni qurish bo‘yicha ekspertiza bilan shug‘ullanuvchi “Assystem SA” injiniring kompaniyasi vakillari tashrif buyuradi.

2022-yilda O‘zbekiston Yevropaga uran eksportini qariyb uch baravarga — 441 tonnagacha oshirgandi. Bunga Rossiyadan olinadigan yadro yoqilg‘isini boshqa mamlakatlardan yetkazib beriladigan ta’minot bilan almashtiruvchi Yevropa kompaniyalari yordam berdi.


Avvalroq YeTTB O‘zbekistondagi sobiq uran konlarini tiklashga 9 mln yevro grant mablag‘lari yo‘naltirishi haqida xabar berilgandi.