Joriy yilning 20-dekabr kuni Iqtisodiyot va Moliya vazirligida vazir o‘rinbosari Ahadbek Haydarov va Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari o‘rinbosari Elmira Bositxonova o‘rtasida gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchilari bilan tarkibida shakar bo‘lgan alkogolsiz ichimliklarning bir litri uchun 500 so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etilishi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi energetik ichimliklar dastlab sportchilar uchun mo‘ljallanganini ta’kidladi. Hozirgi kunda energetik ichimliklar yoshlar va yosh bolalar, xususan 25 yoshgacha bo‘lgan va ongli qaror qabul qila olmaydigan odamlar orasida reklama qilinmoqda. Natijada, bu yoshlar o‘rtasida qaramlikka olib kelib, ularning salomatligiga jiddiy xavf tug‘dirmoqda.

“Eng muhimi, energetik ichimliklar iste’molining zararli ta’sirini oldini olish uchun Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ortiqcha iste’molni kamaytirish, hajmini qisqartirish uchun unga [shakarli alkogolsiz ichimliklarga] aksiz solig‘ini qo‘llashni tavsiya qiladi”, — dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimi.

Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi rahbari Alfiya Musinaning O‘zbekistonda energetik va gazlangan ichimliklarning salbiy ta’siri bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar haqidagi savoliga vazirlik xodimi Sog‘liqni saqlash vazirligida mamlakatdagi muammoni o‘rganib chiqishga yetarlicha vaqt bo‘lmaganini qayd etib, JSST asosida xalqaro tajriba mavjudligini, qo‘shimcha isbotlash shart emasligini ta’kidladi.

Sog‘liqni saqlash va strategik rivojlanish instituti direktori Nodira Alixonovaning aytishicha, aksiz solig‘ining joriy etilishi aholi, ayniqsa, bolalar va o‘smirlar o‘rtasida ovqatlanishni muvozanatlashtirish yo‘llaridan biri xolos.

“Tadqiqot o‘tkazish, ayniqsa, ko‘plab respondentlarni qamrab olgan epidemiologik tadqiqotlar juda qimmat bo‘lib, bir tomondan, har bir mamlakat ham bunga qodir emas. Boshqa tomondan, nima uchun mazkur tadqiqotlarni takrorlashimiz kerakligi tushunarsiz holat. Dunyoda ularning sonini hisobga olgan holda buni haqiqatga to‘g‘ri keladi, deb o‘ylayman”, — ta’kidladi Alixonova.

Biznes vakillari qandli diabet va semirishga qarshi kurashishda faqat gazlangan ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etilib, tarkibida shakar mavjud bo‘lgan boshqa mahsulotlar e’tibordan chetda qolayotgan diskriminatsiyaga qarshi chiqishdi. Ular aholi salomatligini mustahkamlashga kompleks va tizimli yondashish zarurligini ta’kidladilar, chunki aksiz solig‘ini joriy etish JSST tomonidan tavsiya etilgan 20ta chora-tadbirdan biri hisoblanadi.

Gazlangan ichimliklar ishlab chiqaruvchilari rivojlangan mamlakatlarda cheklov choralari joriy etilishidan oldin qator tadqiqotlar olib borilib, muammo sanoat vakillari bilan uchrashuvlarda muhokama qilinishiga urg‘u berishdi. Masalan, biznes vakillari aksiz solig‘i joriy etilishi haqida Oliy Majlisdagi budjetnomadan bilishdi, qonun loyihasi esa Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida e’lon qilinmadi.

Tadqiqotlarning qimmatligi tufayli xususiy sektor “Euromonitor” kompaniyasining O‘zbekistonda qadoqlangan mahsulotlarni iste’mol qilish bo‘yicha tadqiqoti xarajatlarini qoplagani va natijalarini taqdim etishga tayyorligini bildirdi.

Xususan, “Coca-Cola Uzbekistan” kompaniyasi gazlangan ichimliklar iste’moli muammosini o‘rganish uchun o‘z hisobidan AQSh va Yevropadan mutaxassislar olib kelish taklifini bildirdi. Biroq, Elmira Bositxonova mutaxassislar ishlab chiqaruvchilar xohlagan narsani aytishi vaji bilan taklifni rad etdi.

Mahalliy “Coca-Cola” kompaniyasining moliyaviy direktori Sayid Adil Jafrining so‘zlariga ko‘ra, kompaniya investitsiyalarni 3−4 yil oldindan rejalashtiradi. Xususan, hozir Samarqand va Namangandagi zavodlar qurilishiga sarmoya kiritilmoqda. Qo‘shimcha soliqlarning joriy etilishi xarajatlarga ta’sir qilib, narxlarni oshirishga to‘g‘ri keladi, bu esa sotuv hajmini kamaytiradi va umuman biznesga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.

“Bunday vaziyatda biz tadbirkor va investor sifatida Samarqand va Namanganga sarmoya kiritmasligimiz kerakdir? Biz keyingi uch yilga deyarli $200 mln sarmoya kiritamiz, so‘nggi uch yilda esa $150 mln sarmoya kiritdik. Bunday vaziyatda tadbirkor sifatida rejalarimizni qayta ko‘rib chiqishga majburmiz”, — dedi u.

“Coca-Cola” vakilining ta’kidlashicha, gazlangan ichimliklar sanoati aksiz solig‘idan sotuvlar, investitsiyalar va yangi loyihalar uchun xodimlarni yollanishning qisqarishiga olib kelishi sabab zarar ko‘radi. Sayid Adil Jafri faqat bitta sohani diskriminatsiya qilmaslikni, balki bu chorani shakar iste’molining barcha manbalariga tatbiq etishga chaqirdi.

Bositxonova vazirlik pozitsiyasini aksiz solig‘ining 108ta davlatda joriy etilgani, JSST tavsiyasi va gazlangan ichimliklarning televizordagi agressiv reklamasi bilan izohladi. Shundan so‘ng Sog‘liqni saqlash vazirligining bir mutaxassisdan tashqari barcha vakillari vazir bilan uchrashuv sabab, yig‘ilishni tark etishdi.

“PepsiCo Bottler in Uzbekistan” kompaniyasining innovatsiyalar bo‘yicha direktori Muzaffar Solijonovning aytishicha, “PepsiCo” va “Coca-Cola” tomonidan 2026-yilgacha bo‘lgan sarmoya miqdori kamida $150 mlnni, besh yillik muddatda esa $250 mlnni tashkil etadi.

“Biz hozir ikkita zavod qurilishiga [investitsiyalarni] to‘xtatib qo‘ydik, shu sabab, buning [gazlangan ichimliklarga aksiz solig‘i joriy etilishi] iqtisodiy tomonini ko‘rib chiqishimiz kerak. Budjetga qancha zarar yetkaziladi? Bularning barchasini hisoblashimiz kerak. Eng muhimi, ishlab chiqarishni kamaytirsak, ishsizlik muammosi yuzaga keladi. Biz odamlarning salomatligini yaxshilash haqida o‘ylayabmiz-u, lekin ularni ishsiz qoldirmoqdamiz. Ishsiz sog‘lom turmush tarzi, — deya xulosa qildi Solijonov.

Iqtisodiyot va Moliya vazirligi rahbari o‘rinbosari Haydarov vazirlik 1-noyabr kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida aksiz solig‘ini joriy etish taklifini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish o‘rniga matbuot anjumani o‘tkazgani bilan tushuntirdi. U ishlab chiqaruvchilarni shakarsiz ichimliklar ishlab chiqarishga undash uchun shakar miqdoriga qarab differensiyalangan aksiz solig‘i zarurligini qayd etdi.

Vazir o‘rinbosari aksiz solig‘i litriga 500 so‘m bo‘lishini boshqa davlatlar tajribasi, xususan, Rossiyada aksiz solig‘i 7 rubl (941 so‘m)ni tashkil etishi bilan izohladi.

“[Aksiz solig‘ini] differensiyalash mumkinmi? Albatta, bu mumkin, lekin, ehtimol, keyingi bosqichlarda biz differensiatsiyani joriy etish taklifini kiritamiz. Siz nima uchun sharbatlar [aksiz solig‘i ro‘yxatiga] kiritilmaganligini so‘rayapsiz. 108 mamlakatdan atigi 42%i gazsiz mevali ichimliklar (sharbatlar — „Spot“ izohi)ga [soliq] joriy qilgan. Shuning uchun ham bu keyingi qadam bo‘lishi mumkin”, — dedi u.

Biznes vakillari gazlangan ichimliklarning yakuniy bahosidagi aksiz solig‘i 500 so‘m emas, balki undan ancha yuqori, taxminan 800−900 so‘m bo‘lishini ta’kidladi, chunki tovarlarni sotish zanjiriga ishlab chiqaruvchi, tarqatuvchi va sotuvchi narxlari kiradi. Aksiz solig‘ining joriy etilishi mahalliy mahsulotlar narxining oshishiga olib keladi, bu esa Qozog‘iston va Qirg‘iziston tovarlariga nisbatan raqobatni yo‘qotadi, natijada kontrabanda va “kulrang import"ning oshishiga olib kelishi mumkin, deya qo‘shimcha qildi Alfiya Musina.

“Bizga sizlarni diskriminatsiya qilayotganimizni aytishdi, [lekin] biz hech kimni diskriminatsiya qilmoqchi emasmiz. To‘g‘ri aytyapsiz, ular [Sog‘liqni saqlash vazirligi] nafaqat gazlangan ichimliklarga, balki gazsiz ichimliklarga ham [aksiz solig‘ini joriy etish bo‘yicha] tavsiyalar berishdi. Ammo buni keyingi bosqichlarda ko‘rib chiqib, hukumatga taklif kiritishimiz mumkin”, — dedi vazir o‘rinbosari.

Haydarov gazlangan ichimliklarning aksiz solig‘iga differensial yondashuvni joriy etish masalasini ko‘rib chiqishga va taklifni biznes vakillari bilan muhokama qilishga tayyorligini bildirdi. Shunga qaramay, u soliq mahsulotdagi shakar miqdoridan qat’i nazar, barcha gradatsiyalarda qo‘llanilishini qo‘llab-quvvatladi.

Suhbatning uchinchi soatida Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbari o‘rinbosari tadbirkorlarning aksiz solig‘ini joriy etishni kechiktirish haqidagi iltimoslariga javoban, 1-apreldan boshlab soliqni qo‘llash to‘g‘risidagi qaror Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan tasdiqlanganligini qayd etdi.

Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilar keyingi yilning mart oyidan boshlab markirovka joriy etilganidan shikoyat qilib, O‘zbekistonda markirovkalash tizimi operatori “CRPT Turon” joriy yilning 12-aprelida AQSh sanksiyalari ostida bo‘lganini, bu esa ikkilamchi sanksiyalar tufayli u bilan hamkorlik qilish imkoniyatini istisno qilganini ta’kidlashdi.

Keyinroq “CRPT Turon” matbuot xizmati kompaniya Amerika sanksiyalari ostida emasligini ma’lum qildi. 2023-yilning iyul oyida “CRPT Turon” ta’sischisi bo‘lgan “Digital Holding” qo‘shma korxonasi tarkibida o‘zgarishlar ro‘y berdi: sanksiya ostidagi “Digital Invest” ulushi ustav kapitalidagi ulushi 51%dan 46,1%ga kamaydi.

“Agar aksiz solig‘i joriy etilsa, narxlarimiz sezilarli darajada, bu yil taxminan 25%ga oshadi (inflyatsiya va devalvatsiyani hisobga olgan holda — „Spot“ izohi). Bu talab va [ishlab chiqarish] hajmini pasaytiradi. Bu holatda biz sarmoya kiritishimiz kerak bo‘lmaydi. Daromadlilikni saqlab qolish uchun taxminan 25%ga o‘sish kuzatiladi — taxminan 25% marjani saqlab qolish uchun. Bu, albatta, [gazlangan ichimliklar] iste’moliga ta’sir qiladi”, — dedi Sayid Adil Jafri.

Ahadbek Haydarovning o‘tgan yilgi QQS stavkasining 15%dan 12%gacha pasaytirilishining ta’siri haqidagi savoliga “Coca-Cola” moliyaviy direktori QQSni kamaytirish va aksiz solig‘ini joriy etish nisbati 1dan 3gacha, ya’ni davlat QQSni kamaytirish orqali 1 so‘m berganini, ammo yangi soliq orqali 3 so‘m olishni rejalashtirayotganini qayd etdi.

“Bizda muhokamani davom ettirish imkoniyati mavjud. Men bu qonun Senat tomonidan ma’qullanadi, deb yolg‘on gapirishni xohlamayman. Kelgusi yilda yana bir bor, agar sizda soliqqa tortishni takomillashtirish bo‘yicha takliflaringiz bo‘lsa, sizning takliflaringiz va fikrlaringizni ko‘rib chiqishga tayyormiz. Biz doim biznesni qo‘llab-quvvatlaymiz, bu bizning ustuvor vazifalarimizdan biridir. To‘g‘ri qabul qilsangiz hammasi yaxshi bo‘ladi”, — deya xulosa qildi rasmiy.

Vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, kelgusi yilning to‘qqiz oyida gazlangan ichimlikka aksiz solig‘ining qo‘llanilishi bo‘yicha davlat budjetiga tushumlar kamida 312 mlrd so‘mni tashkil etadi. Shuningdek, u Iqtisodiyot va moliya vazirligi soliqlarni oshirish niyatida emasligini, balki ularni o‘rta muddatli istiqbolda o‘zgarishsiz qoldirishni xohlayotganini ta’kidladi.

Alkogolsiz ichimliklar va sharbatlar ishlab chiqaruvchilar uyushmasi rahbari gazlangan ichimliklarga aksiz solig‘ini biznes vakillari bilan muhokama qilmasdan va buni joriy etilishidan besh oy oldin tatbiq etish oldindan aytib bo‘lmaydigan holatga olib kelishiga e’tibor qaratdi. Alfiya Musina buni O‘zbekistonning xorijiy sheriklar nazarida ishonchsizligiga, mamlakatning investitsiya muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga signal ekanini qayd etdi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda ishlab chiqaruvchilar gazlangan ichimliklarni markirovkalashni tezda joriy etish muammosini muhokama qilish uchun yana uchrashishga kelishib olishdi.

Avvalroq 2024-yildan mamlakatda mol-mulk solig‘i to‘lovlari o‘zgarishi haqida xabar berilgandi.