O‘zbekistonda mol-mulk solig‘i to‘lovlari oshirildi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligiga tayanib, “UzA” nashri xabar bermoqda.

Unga ko‘ra, 2024-yildan boshlab, yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘ining asosiy stavkasini (1,5%) saqlab qolgan holda, soliq bazasini aniqlashda 1 kv.metr uchun o‘rnatilgan minimal qiymat indeksatsiya qilinmoqda.

Bunda to‘lovlar hududlarga qarab, quyidagicha belgilangan:

  • Toshkent shahri uchun — 3 mln so‘m (amalda 2,5 mln so‘m);
  • Nukus shahri va viloyat markazlari uchun — 2 mln so‘m (amalda 1,5 mln so‘m);
  • boshqa shaharlar va qishloq joylar uchun — 1,2 mln so‘m (amalda 1 mln so‘m).

Avvalroq Qonunchilik palatasi soliq siyosatiga oid qonun loyihasini qabul qilgani haqida xabar berilgandi. Loyiha bilan foyda solig‘i bo‘yicha bo‘nak to‘lovlarini to‘lashda tadbirkorlar daromadining chegaraviy miqdori 5 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mga oshirilmoqda.

Shuningdek, 2024-yil uchun belgilangan soliq siyosatida asosiy soliq stavkalari — QQS, foyda, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad, yuridik shaxslarning mol-mulk, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar uchun yer solig‘i, ijtimoiy soliq, aylanmadan olinadigan soliqlar o‘zgarishsiz qoldirilmoqda.

Qonun loyihasida soliq solish bazasini kengaytirish, samarasiz soliq imtiyozlarini bekor qilish, inflyatsiya darajasidan kelib chiqib aksiz solig‘i va resurs soliqlarini indeksatsiya qilish belgilanmoqda.

Jumladan, kelasi yildan O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatayotgan xorijiy yakka tartibdagi tadbirkorlarni QQSga tortish, yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘i bazasini aniqlashdagi 1 kv uchun o‘rnatilgan minimal qiymat o‘rnatish tartibini jismoniy shaxslarning noturar obyektlari uchun ham qo‘llash amaliyoti joriy etiladi.

2024-yilning 1-aprelidan tarkibida shakar yoki boshqa shirinlantiruvchi va hushbo‘ylashtiruvchi moddalar qo‘shimchalari bo‘lgan mineral va gazlangan ichimliklarga 1 litr uchun 500 so‘m, shuningdek, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarga 1 litr uchun 2 ming so‘m miqdorida aksiz solig‘i joriy etilmoqda.

2024-yildan filtrlangan va filtrsiz sigaretalar hamda boshqa tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish uchun 12%ga indeksatsiya qilinmoqda.