Statistika agentligi O‘zbekistonda 100ta uy xo‘jaligiga o‘rtacha nechta yengil avtomobil to‘g‘ri kelishi haqida xabar berdi.

Xonadonlar tanlanma kuzatuvlari ma’lumotlariga asosan, 2023-yilda 100ta uyga o‘rtacha 57ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelmoqda.

Taqqoslash uchun, uy xo‘jaliklariga 2010-yilda 21ta, 2015-yilda 42ta hamda 2020-yilda 49ta yengil avtomobil to‘g‘ri kelgan.

O‘tgan yilda O‘zbekistonda shaxsiy avtomobillar soni 10%dan ko‘proqqa ko‘paydi. 1-yanvar holatiga, jismoniy shaxslarga tegishli bo‘lgan avtomobillar soni 4,02 mln donani tashkil etgan.

Yengil avtomobillar soni 3,75 mln donaga (o‘sish 10,6%), yuk avtomobillari 240 ming donaga (+9,5%) yetdi. Undan keyingi o‘rinlarda esa 20 mingdan ortiq transport vositalari bilan avtobuslar, mikroavtobuslar hamda maxsus transportlar turibdi.

2023-yilda 418 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilib, ko‘rsatkich 2022-yilga nisbatan 27,4%ga oshdi. Eng ommabop model “Chevrolet Cobalt” bo‘ldi, mazkur avtomobil 118 ming dona (yiliga +16,1%) ishlab chiqarilgan.

Joriy yilda 450 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. “BYD” bilan gibrid va elektr avtomobillar, “KIA” brendi ostida esa avtomobillar ishlab chiqarish to‘liq siklda yo‘lga qo‘yiladi.

Avvalroq yanvar oyida O‘zbekiston xorijdan 10 237 dona yengil avtomobil import qilgani haqida xabar berilgandi.