Yanvar oyida O‘zbekiston xorijdan 10 237 dona yengil avtomobil import qildi. Bu haqda Statistika agentligi ma’lumotlarida keltirilgan.

O‘tgan bir oyda mamlakatga olib kelingan avtomobillar qiymati $222,8 mlnni tashkil etdi. 2023-yilning mos davrida xorijdan 2193ta avtomobil olib kelingandi.

Jami avtomobillarning 74%i Xitoydan olib kelingan avtomobillar hissasiga to‘g‘ri keladi. Mamlakatdan jami 7 571 dona avtotransport import qilingan.

Undan keyingi o‘rinlarda 2 373 dona avtomobil bilan Janubiy Koreya hamda 219 dona avtomobil bilan AQSh turibdi. Boshqa mamlakatlardan olib kelinganlari esa — 74 dona.

2023-yilda O‘zbekiston Xitoy avtomobillari importini besh barobarga oshirgandi. O‘tgan yili mamlakatga 58 ming dona avtomobil olib kelingan.

Taxminlarga ko‘ra, Xitoydan olib kelingan yengil avtotransport vositalarining qariyb yarmi elektromobillarni tashkil etadi. 2023-yilning 10 oyi davomida O‘zbekistonga Xitoydan 20 mingdan ortiq elektromobil olib kelingandi.

Avvalroq 2023-yilda O‘zbekistonda shaxsiy avtomobillar soni qanchaga yetgani ma’lum bo‘lgandi. Aholiga tegishli avtomobillar soni 10%dan ortiq o‘sish bilan 4,02 mln donani tashkil etgan.