Migratsiya agentligi Rossiyaga borayotgan, ushbu mamlakat hududida bo‘lib turgan yoki chiqib ketyotgan o‘zbekistonliklarni ogohlantirdi.

Qayd etilishicha, Rossiyaning Moskva viloyatida 22-mart kuni yuz bergan terakt sababli butun mamlakat bo‘ylab xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda.

“Shu munosabat bilan, Rossiyaga borayotgan, ushbu mamlakat hududida bo‘lib turgan yoki mamlakatdan chiqib ketyotgan yurtdoshlarimizdan ushbu xavfsizlik choralari talablarini inobatga olgan holda harakatlanishni so‘raymiz”, deyiladi xabarda.

Xususan, shaxsni taqdiqlovchi va mamlakatda bo‘lish yoki ishlash huquqini buruvchi hujjatlarni o‘zlari bilan birga olib yurish, jamoat joylarga sababsiz bormaslik, notanish yoki shubhali insonlar bilan muloqotga kirishmaslik, telefon va boshqa qurilmalarda taqiqlangan foto, audio va video materiallarni saqlamaslik, safar rejalashtirilgan bo‘lsa, vokzal yoki aeroportga belgilangan vaqtdan oldinroq borish kabilar tavsiya qilinadi.

Yurtdoshlarimiz biror muammoga duch kelganda yoki o‘zlarini qiziqtirgan boshqa savollar bilan mamlakatimizning konsullik idoralari yoki Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakolatxonasiga murojaat qilishi mumkin.