Rossiya Markaziy banki xorijga valyuta o‘tkazmalari bo‘yicha cheklovlarni yana olti oyga — 2024-yil 30-sentabrgacha uzaytirdi.

Rossiyaliklar va “do‘stona” mamlakatlardan kelgan norezident jismoniy shaxslar bir oy ichida xorijiy banklardagi istalgan hisob raqamlariga $1 mlndan ko‘p bo‘lmagan yoki boshqa xorijiy valyutadagi ekvivalentini o‘tkazishlari mumkin bo‘ladi, deyiladi regulyator xabarida.

Pul o‘tkazmalari tizimlari orqali operatsiyalar bo‘yicha oyiga $10 mingdan ko‘p bo‘lmagan yoki boshqa valyutadagi ekvivalentdagi cheklovlar ham saqlanib qoladi.

O‘tkazma summalari bank tranzaksiya buyrug‘ini olgan kundagi rublning rasmiy kursi bo‘yicha aniqlanadi.

Rossiya Markaziy banki 2022-yil mart oyida rossiyaliklar tomonidan chet elga o‘tkazmalarning ko‘p qismini oyiga $5000gacha cheklab qo‘ygandi.

Keyin regulyator asta-sekin limitni oshirdi va iyun oyida u oyiga $1 mlngacha ko‘tarildi. Cheklovlar bir necha bor uzaytirildi, oxirgi marta muddat 2024-yil 31-martgacha belgilangandi.


Avvalroq “Spot” Rossiya Markaziy banki naqd pul yechib olish bo‘yicha cheklovni uzaytirgani haqida yozgandi.

Regulyator bu qarorni Rossiya moliya institutlariga g‘arb davlatlarining naqd valyutasini sotib olishni taqiqlovchi sanksiyalar bilan izohladi.