O‘zbekiston-Turkmaniston chegarasidagi savdo markazi 2025-yil ishga tushiriladi. Bu haqda Turkmaniston ommaviy axborot vositalariga tayanib, “Dunyo” agentligi xabar berdi.

Turkmanistonning “Orient” va “Turkmenportal” yangiliklar portallarida O‘zbekiston elchisining Dashoguz viloyati rahbariyati bilan uchrashuviga oid maqolalar e’lon qilindi.

15-may kuni Dashoguzda O‘zbekiston elchisi Akmaljon Qo‘chqorov bilan viloyat hokimi Soltanmirat Soltanmiradov o‘rtasida uchrashuv o‘tkazildi.

Unda Xorazm viloyati va Turkmanistonning shimoliy mintaqasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xorazm va Dashoguz viloyatlari o‘rtasida chegara savdo zonasi — savdo markazining tashkil etilishi mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmining o‘sishiga va chegara hududlari aholisining farovonligini oshirishga xizmat qilishi qayd etildi.

Turkmaniston-O‘zbekiston chegara zonasida savdo markazining qurilish ishlari 2023-yilning iyul oyida boshlangan, obyektni ishga tushirish 2025-yilning iyul oyiga rejalashtirilgan.

“Transchegaraviy savdo zonalarining ishga tushirilishi Xorazm va Dashoguz viloyatlarining iqtisodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, aholi farovonligini oshirish uchun yangi imkoniyatlar ochadi”, deb yozadi Turkmaniston OAV.

Joriy yilning fevralida “O‘zbekiston — Turkmaniston” erkin savdo zonasini tashkil etish bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Markazda tovarlarni saqlash, saralash, sotish, transport va boshqa xizmatlar infratuzilmasi bo‘ladi.