Raqobat qo‘mitasi raisi Xalilillo To‘raxo‘jayev “TokBor"ni ustun mavqega ega deb e’tirof etish to‘g‘risida buyruq qabul qildi. Elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalari tarmog‘i matbuot xizmati buni “Spot"ga tasdiqladi.
Qo‘mitaning qayd etishicha, “TokBor” elektromobillar va gibrid avtomobil vositalarini quvvatlash xizmatlari bozorining 40%dan ortig‘ini egallaydi. “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun bilan bu ustun mavqega ega, deya e’tirof etish uchun asos bo‘ladi.
Iqtisodiy konsentratsiya va iqtisodiyotda davlat ishtirokini nazorat qilish boshqarmasiga 3 kun muddatda bu haqda tarmoqqa tegishli xabarnoma yuborish topshirildi. Buyruq 5-avgust kuni chiqqan.
“TokBor” tarmog‘i mamlakat bo‘ylab 450dan ortiq elektromobillarni quvvatlantirish stansiyalarini ishga tushirgan. Shundan 110dan ortig‘i gibrid avtomobillar uchun ishlab chiqilgan.
Ustun mavqega ega bo‘lgan korxonalar monopoliyaga qarshi muvofiqlik tartib-qoidalarini amalga oshirishlari kerak. Ularga monopolistik darajada yuqori yoki past narxlarni joriy etish, shuningdek, tovarlarning sun’iy defitsitini yuzaga keltirish taqiqlanadi.
Shuningdek, ustun mavqega ega kompaniyalar tovarlarni sotib olayotganda kamsituvchi shartlarni joriy qilmasliklari, raqobatchilarning mahsulot bozoriga kirishiga to‘sqinlik qilmasliklari, o‘z mahsulotlarini sotishni taqiqlashlari yoki cheklashlari kerak.
Avvalroq qo‘mita “Knauf” kompaniyasini O‘zbekistonda ustun mavqega ega deb topgandi. Kompaniyaning gipsokarton ishlab chiqarish bozoridagi ulushi 40%dan ortiqni tashkil etgan.