Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Viloyatga kelgusi yil $1,5 mlrd investitsiyalarni jalb etish rejalashtirilgan. Bu ko‘plab korxonalar, ish o‘rinlari va turmush farovonligiga asos bo‘ladi.
Masalan, Qo‘shko‘pir tumanida 175 gektar yer sanoat zonasiga qo‘shib berilsa, $1 mlrdlik loyihalarga yo‘l ochiladi. U yerda elektrotexnika, kimyo, mashinasozlik va farmatsevtika yo‘nalishida 2 mingta ish o‘rni yaratiladi.
Shovot kanalining himoya zonasi 50 metrdan 25 metrga qisqartirilsa, $30 mlnlik loyihalarni joylashtirish mumkin bo‘ladi.
U yerda 1 trln so‘mlik xizmatlar ko‘rsatilib, 2,5 mingta yangi ish o‘rni ochiladi. G‘azovot va Polvon kanallari atrofida ham $50 mlnlik loyihalar uchun imkoniyat bor.
Qishloq va suv xo‘jaligida ham omilkorlik zarurligi qayd etildi. Masalan, Qo‘shko‘pirda parrandachilik, Bog‘ot tumanida baliqchilikni kengaytirish uchun sharoit yetarli. Yangiariqda suv ta’minotini yaxshilab, poliz, sholi va baliq yetishtirish hisobidan 1,2 ming kishini ishli qilish mumkin.
Hududda sifatli ta’limni ta’minlash uchun 44ta maktab va bog‘chani ta’mirlash, davlat-xususiy sheriklik asosida yangilarini qurish rejalashtirilgan. Shuningdek, Urganch, Bog‘ot, Shovot va Yangibozor tumanida ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari tashkil etish mo‘ljallangan.
Davlatimiz rahbari bu takliflar bo‘yicha qaror loyihasi tayyorlash bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Imkoniyatlarni natijaga aylantirib, odamlarni ish bilan ta’minlash va daromadini oshirish muhimligini ta’kidladi.