Avvalroq Shavkat Mirziyoyev 28-dekabr kuni “Yangi Toshkent” shahri hududidagi qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishgani ma’lum qilingandi.

Davlat rahbari joriy yilning aprel oyida qurilishi boshlangan yangi shaharda ilk inshootlar va qurilish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Xususan, bu yerda O‘zbekiston Milliy kutubxonasi bunyod etilmoqda. Majmua 4 qavatdan iborat bo‘lib, jami 30 ming kv.metr maydonda 1 420 nafar kitobxonga xizmat ko‘rsatadi.

Bu yerda kutubxona fondidagi adabiyotlarni saqlash, sanoqdan o‘tkazish, xavfsizligini ta’minlash va sterilizatsiya qilishga mo‘ljallangan maxsus asbob-uskunalar o‘rnatiladi. Majmua ko‘p funksional bo‘lib, tashrif buyuruvchilar uchun 300 o‘rinli kafe, galereya, yengil sport o‘yinlari va boshqa qulayliklar tashkil etiladi.

Kutubxonada xodimlar ham bilimli bo‘lishi, IT va xizmatlarni yaxshi bilishi kerakligi ta’kidlandi. Shu bois O‘zbekiston Milliy universiteti va boshqa o‘quv yurtlarida kutubxonachilar tayyorlash sifatini oshirish vazifasi qo‘yildi. 14ta shaharda kutubxona filiallarini tashkil etib, hududlarda aholining kitob o‘qishiga qulaylik yaratish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Shaharda Toshkent davlat pedagogika universiteti hamda “Yangi O‘zbekiston” universiteti uchun yangi majmualar bunyod etilmoqda. Prezident ularning qurilish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Universitetning 7ta fakulteti tarqoq joylashgan, binolarining aksariyati esa eskirgan. Shu bois universitet uchun 40 gektar maydonda 20 ming talabaga mo‘ljallangan o‘quv binolari quriladi.

Shuningdek, 5 ming o‘rinli yotoqxona, 300 o‘rinli bog‘cha, 616 o‘rinli maktab, 588 o‘rinli akademik litsey, sport va madaniyat saroylari, amfiteatr va boshqa inshootlarni o‘z ichiga oladi. Yuqori reytingli xorijiy oliygohlar tajribasi asosida “bog‘cha-maktab-universitet” yaxlitligidagi innovatsion pedagogik klaster tashkil etiladi.

Majmuada pedagog va talabalar uchun eng qulayliklar yaratiladi. Darslarni bir smenaga o‘tkazish, dual ta’limni yo‘lga qo‘yish orqali o‘qish va amaliyot sifatida o‘sish bo‘lishi qayd etildi.

“Yangi O‘zbekiston” universitetida 1 ming nafardan ortiq talaba ta’lim olmoqda. Mazkur oliygoh uchun yangi majmua qurilishi uch bosqichda olib boriladi. Dastlab o‘quv obyektlari va rektorat binosi bunyod etilishi ko‘zda tutilgan.

Natijada 10 ming nafar talabani qamrab oluvchi 5ta fakultet, bir vaqtning o‘zida 8 ming nafar talabaga xizmat ko‘rsatuvchi rektorat binosi quriladi. Kutubxona, muzey, ko‘rgazma zali, multimedia xonasi, sport majmuasi, suzish havzasi tashkil etiladi.

Shuningdek, o‘qituvchilar uchun 286 o‘rinli turar joy, talabalar uchun 2 ming o‘rinli yotoqxona qurilishi rejalashtirilgan. Davlat rahbari bu majmualarning kelgusidagi ahamiyatiga to‘xtalib, o‘quv jarayonini oqilona tashkil etish muhimligini ta’kidladi.

“Yangi Toshkent"ning birinchi tumanidagi qurilish ishlari 6−10 yil ichida yakunlanishi kutilmoqda. Shaharda Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy tadqiqot markazi, ijod maktabi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini jamlagan ma’naviyat majmuasi ham quriladi.