Aviachiptalarning sun’iy yetishmasligini keltirib chiqargan aviakompaniyalarga chora ko‘riladi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yilning aprel oyida qo‘mita tomonidan prezident topshirig‘i bilan havo transportida yo‘lovchi tashish bozorida raqobat muhitini yaxshilash, aviachipta narxlarini maqbullashtirish, ichki yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish hamda avia yoqilg‘i bilan ta’minlashda xususiy sektorni jalb qilishni kengaytirish va teng shartlar yaratish bo‘yicha takliflar kiritildi.
Vazirlik va idoralar tomonidan aviachipta narxlarini barqarorlashtirish, rag‘batlantiruvchi mexanizmlar asosida xususiy sektorni, shu jumladan xorijiy kompaniyalarni jalb qilish, mahalliy tashuvchilarga teng shartlarda subsidiya berish orqali mahalliy yo‘nalishlarda aholiga keng ko‘lamda xizmat ko‘rsatishni kengaytirish choralari ko‘rilayotgani qayd etildi.
Xususan, may oyida qabul qilingan hukumat qarori bilan barcha mahalliy tashuvchilarga ichki yo‘nalishlar uchun subsidiya berilishi belgilandi. Uzbekistan Airways hamda Silk Avia aviakompaniyalari mahalliy qatnovlardagi chiptalar narxini qayta ko‘rib chiqib, pasaytirdi.
Raqobat qo‘mitasi mahalliy va xalqaro parvozlarni amalga oshiruvchi yo‘lovchi tashuvchi kompaniyalar raqobatga yoki iste’molchilar manfaatlariga zid harakatlarni amalga oshirganida, shu jumladan, sun’iy ravishda chiptalarni savdoga chiqarmaslik holatlari aniqlanganda qonunchilikka asosan chora ko‘rilishini bildirdi.
Bundan tashqari, qo‘mita yuqoridagi choralar aholiga qulaylik yaratishini, shuningdek, ichki turizm va hududlarning iqtisodiy rivojlanishiga ta’sir qilishini kutmoqda.
Joriy yilning fevral oyida O‘zbekistonda aviachiptalar narxi 22,4% ga oshdi, yillik o‘sish esa 23,2% ni tashkil etdi. Narxlar qimmatlashishi sabablari noma’lum.
May oyi boshida Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda ichki reyslar jozibador emasligi uchun xususiy kompaniyalar asosan xorijga qatnashi, ichki bozorda raqobat bo‘lmagani uchun, Toshkent-Urganch yo‘nalishida bir hafta oldin chipta qolmasligi hamda narxlar qimmatligi qayd etilgandi.
Avvalroq 30-maydan Sariosiyo aeroporti muntazam parvozlarni qabul qilishni boshlashi haqida xabar berilgandi. Silk Avia Toshkent-Sariosiyo yo‘nalishidagi aviaqatnovlarni haftasiga ikki marta — chorshanba va juma kunlari amalga oshiradi.