20-may kuni Karmelita saroyida Shavkat Mirziyoyev va Vengriya bosh vaziri Viktor Orbanning tor doiradagi va rasmiy delegatsiyalar ishtirokidagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekiston-Vengriya strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi. Tovar ayirboshlash hajmini, shu jumladan import o‘rnini bosish va GSP+ maqomi hisobiga birinchi bosqichda 500 mln yevroga yetkazish muhimligi qayd etildi.

Shu maqsadda laboratoriyalar Yevropa Ittifoqi talablariga muvofiq akkreditatsiyadan o‘tkaziladi, tovarlarni oldindan sertifikatlash dasturi va eksport qiluvchi kompaniyalarga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shma platforma ishga tushiriladi.

Qo‘shma investitsiya loyihalari portfeli $500 mlnni tashkil etadi. Bu galgi tashrif uchun yana 1,5 mlrd yevrolik yangi loyihalar tayyorlangan.

Vengriyaning OTP Banki bilan moliyalashtirish vositalarini kengaytirish, jumladan, avtokreditlashni rivojlantirish uchun qo‘shma kompaniya tashkil etish va biznesni qo‘llab-quvvatlash dasturini ishga tushirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Parrandachilik klasteri Sirdaryo viloyatida tashkil etiladi.

Joriy yil iyul oyida Budapesht shahrida bo‘lib o‘tadigan Hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida Investitsiyaviy sheriklik dasturini tayyorlash va qabul qilishga kelishib olindi. O‘zbekiston-Vengriya Ishbilarmonlar kengashi faoliyatini qayta tiklash va yaqin fursatda uning navbatdagi yig‘ilishini biznes vakillari ishtirokida o‘tkazish taklif qilindi.

Vengriyada hududlararo ikkinchi forumga tayyorgarlik ko‘riladi. Madaniy-gumanitar sohadagi amaliy hamkorlikni kengaytirishga e’tibor qaratildi. Kelgusi yilni O‘zbekiston va Vengriya madaniyati yili deb e’lon qilish taklifi bildirildi.

Ta’lim almashinuvi bo‘yicha Stipendium Hungaricum dasturi doirasidagi hamkorlik davom ettiriladi. Ikki mamlakatda tan olinadigan diplomlar berish tizimini joriy etish va O‘zbekistonda Vengriya oliy ta’lim muassasalarining filiallarini tashkil etish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi. Joriy yilda Toshkentda O‘zbekiston va Vengriya rektorlarining uchinchi forumini o‘tkazish taklif qilindi.

Erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida mutasaddi vazirliklarga qo‘shma “yo‘l xaritasi"ni tayyorlash topshirildi.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev va Viktor Orban Kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Yetakchilar huzurida quyidagi bir qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar qabul qilindi:

  • Ekstraditsiya to‘g‘risidagi shartnoma;
  • Iqlim o‘zgarishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim;
  • tabiiy ofatlarni boshqarish;
  • ilm-fan va innovatsiyalar;
  • tinch atom sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi idoralararo kelishuvlar almashildi.

Avvalroq Yevropa kompaniyalari uchun Toshkent viloyatida tashkil etilayotgan maxsus sanoat zonasini Vengriyaning Inpark kompaniyasi boshqarishi haqida xabar berilgandi.