Avvalroq prezident rasmiy tashrif bilan Budapeshtga yetib borgani haqida xabar berilgandi. Shavkat Mirziyoyev Vengriya bosh vaziri Viktor Orban bilan kengaytirilgan strategik sheriklik munosabatlarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladi.
Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida hozirda Vengriyaning Wizz Air aviakompaniyasi Toshkent va Budapesht o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri parvozlarni amalga oshirishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi. Bundan tashqari, tomonlar Yevropaning boshqa mamlakatlari, shuningdek, Nyu-Yorkka ham aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
“Biz aviatsiya ma’muriyatlari bilan texnik taraflama hujjatlarni rasmiylashtirish bo‘yicha ishlarni olib boryapmiz. Muzokaralarni bir oy ichida yakunlashni rejalashtirganmiz. Bu orqali ham mahalliy yo‘lovchilar, ham Yevropadan tashrif buyuruvchi turistlar uchun tez va qulay kelish imkonini oshiradi”, — dedi Choriyev.
Transport vaziri o‘rinbosari, shuningdek, aviatsiya sohasida yuk tashuvlarini amalga oshirish masalalari o‘rganilayotganini, qish mavsumiga kelib, tomonlar o‘zaro kelishuvga erishishini ta’kidladi. Vengriyalik investorlar bilan O‘zbekiston hududida logistika markazlarini qurish va ularni rivojlantirish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.
Choriyevga ko‘ra, o‘rta koridor ochilishi, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘l qurilishi investorlarda O‘zbekistonning Markaziy Osiyodagi strategik o‘rni muhim ekanligini tushunish imkonini bermoqda. Vengriya tomoni bilan infratuzilma yaratish va xizmatlarni tashkil etishda hamkorlik qilish bo‘yicha tegishli hujjatlar imzolandi.
“Temir yo‘l sohasida Vengriya bilan vagon ishlab chiqarish, ularga ehtiyot qismlarini yetkazish, ularni O‘zbekiston hududida ishlab chiqarib, boshqa mamlakatlarga eksport qilish bo‘yicha ham muzokara olib borayapmiz”, — dedi Jasurbek Choriyev.
U mamlakat tadbirkor va investorlari bilan kechgan uchrashuvlar O‘zbekistonning imkoniyati kenglini ko‘rsatishga turtki berganini ta’kidlab, transport sohasida yangi loyihalar amalga oshirilishiga ishonch bildirdi.
Wizz Air loukosteri 2022-yilning yozida O‘zbekiston bilan muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishga kelishgandi. Undan keyin aviakompaniyaga Abu-Dabidan Toshkent va Samarqandga parvoz qilishga ruxsat berildi.
Avvalroq 2026-yildan O‘zbekistonda AESlarni sovutish uchun quruq gradirnyalar ishlab chiqarish boshlanishi haqida xabar berilgandi. Vengriyalik biznes vakillari sovutish qurilmalarini mamlakatda ishlab chiqarishni mahalliylashtirishni taklif qildi. Texnologiya suvdan foydalanishni minimallashtiradi.