Facebook seshanba kuni o‘z platformasidagi barcha videolar, ularning uzunligi va yo‘nalishidan qat’i nazar, yaqin kelajakda roliklar shaklida joylashtirilishini ma’lum qildi.
Keyingi oylarda foydalanuvchilar video yoki Reels yuklashni tanlashlari shart bo‘lmaydi, chunki u avtomatik tarzda Reels sifatida e’lon qilinadi.
Shu vaqt foydalanuvchilar video postlar va roliklarni baham ko‘rishlari mumkin edi. Shuningdek, kompaniya platformasidagi “Video” ichki sahifasining nomini “Reelslar” deb o‘zgartirmoqda. Facebook xabar berishicha, yangilanish foydalanuvchiga tavsiya etiladigan videolarga ta’sir ko‘rsatmaydi.
Bundan tashqari, Facebook’dagi Reelslar uzunlik yoki format bo‘yicha cheklovlarga ega bo‘lmaydi. (Hozirgi kunda ular faqat 90 soniya davomiylikka ega bo‘lishi mumkin).
“Ilgari siz Feed’ga video yuklash yoki rolik joylashtirish uchun har bir format uchun turli xil ijodiy jarayonlar va vositalardan foydalanardingiz. Endi biz bu imkoniyatlarni yanada ko‘proq ijodiy vositalarga kirish imkonini beruvchi soddalashtirilgan nashr jarayoni bilan birlashtirmoqdamiz. Shuningdek, sizga roliklaringizni kimlar ko‘rishi mumkinligini boshqarish imkoniyatini ham beramiz”, — deb tushuntirdi Facebook o‘z blog xabarida.
O‘zgarishlarning asosiy maqsadi ijtimoiy tarmoqda video almashish formatini takomillashtirishdan iborat. Bu Meta kompaniyasiga tegishli platforma tomonidan amalga oshirilayotgan birinchi holat emas, chunki Instagram 2022-yildan boshlab 15 daqiqadan qisqa bo‘lgan yangi video postlarni avtomatik tarzda reelslarga aylantira boshlagan edi.
Foydalanuvchi sozlamalarini o‘zgartirish doirasida endi lenta va videolar uchun birxil standart sozlamalar qo‘llaniladi. Foydalanuvchilar o‘zgarishdan so‘ng video joylashtira boshlaganlarida, ulardan auditoriya sozlamalarini tasdiqlash so‘raladi.
Bu orqali ular videolarini kimlar ko‘rishi mumkinligini belgilaydilar: barcha foydalanuvchilar, faqat do‘stlari yoki tanlangan odamlar guruhi.
Facebook yangilanishdan keyin ham barcha turdagi videolar — qisqa, uzoq yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirlar uchun platforma bo‘lib qolishini ta’kidlamoqda.
Kompaniya kelgusi oylar davomida bu o‘zgarishlarni butun dunyo bo‘ylab asta-sekin joriy etishini ma’lum qildi.
Avvalroq Spot Facebook izohlardagi dizlayk funksiyasini sinovdan o‘tkazayotgani haqida yozgandi.
Bunda foydalanuvchilar mavzuga aloqador bo‘lmagan yoki muhokamaga to‘g‘ri kelmaydigan deb hisoblagan izohlarni “yoqtirmaslik” imkoniyatiga ega bo‘ladilar.