Tojikistonning Oriyonbanki O‘zbekistondagi vakolatxonasini yopdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar berdi.

Markaziy banki Boshqaruvining 3-iyundagi qarori bilan bankning mamlakatdagi vakolatxonasiga berilgan akkreditatsiya guvohnomasi bekor qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur qaror Oriyonbank Kuzatuv kengashining O‘zbekistondagi vakolatxonasining faoliyatini tugatish to‘g‘risida qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Tojikiston banki Toshkentdagi o‘z ofisini 2022-yil avgust oyi o‘rtalarida ochgandi. Akkreditatsiya hujjati joriy yilning avgustigacha amal qiladi.

Markaziy bank reyestriga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda 7 ta xorijiy bank vakolatxonalari faoliyat yuritmoqda. Ulardan ikkitasi Janubiy Koreya banklariga (Korea Eximbank va Shinhan Bank), yana ikkitasi Germaniya banklariga (Landensbank Baden-Wurttemberg va Commerzbank AG) tegishli. AQSh (JP Morgan Chase), Rossiya (Gazprombank) va Xitoy (Eksimbank) banklarida yana bittadan ofis mavjud.

Avvalroq Markaziy bank may oyida 13 ta bankka jarima qo‘llagani haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, 17 ta bank chora va sanksiyalar, 13 ta bank esa jarimaga tortilishi to‘g‘risida ogohlantirildi.