Fransiyaning Louis Vuitton Moët Hennessy konglomerati Marc Jacobs moda brendini sotish haqida o‘ylamoqda, deya xabar berdi WSJ manbalari.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, potensial xaridorlar orasida Authentic (Reebok egasi), Bluestar Alliance (Brookstone egasi) va WHP Global (Vera Wang brendining bosh kompaniyasi) bor. Agar muzokaralar muvaffaqiyatli o‘tsa, kelishuv yaqin kunlarda imzolanishi mumkin.
Mark Jacobs brendiga 1984-yilda amerikalik modelyer Mark Jeykobs Robert Daffi bilan birgalikda asos solgan, deb yozadi WSJ.
Kompaniya sumkalar, poyabzallar, kiyim-kechaklar va aksessuarlar sotadi. 1997-yilda LVMH Jeykobsni Louis Vuitton brendiga rahbarlik qilishga taklif qildi va dizaynerning brendidagi ulushini sotib oldi, deya aniqlik kiritdi Reuters.
WSJ xabar berishicha, hashamatli chakana sotuvchilar segmentida “faollikning keskin o‘sishi” kuzatilmoqda.
2025-yil aprel oyida Prada Versaceni $1,4 mlrdga sotib oldi. Italiyaning ikkita yirik moda uyi birlashadi, biroq o‘z brendlari ostida faoliyat yuritishni davom ettiradi.
Avvalroq Spot Hermes LVMH’ni ortda qoldirib, dunyodagi eng qimmat brendga aylangani haqida yozgandi.
Qayd etilishicha, bu LVMH aksiyalari 2025-yilning birinchi choragida zaif sotuvlar tufayli keskin tushib ketganidan keyin sodir bo‘ldi.