O‘zbekiston va Indoneziya aviatsiya hukumatlari o‘rtasida yangi kelishuv imzolandi, deb xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Jakarta shahrida O‘zbekiston va Indoneziya aviatsiya hukumatlari o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik va havo qatnovlarini yana-da rivojlantirish muhokama etildi.

Muzokaralarda Havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimda aviakompaniyalar soni hamda parvoz manzillariga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish, muntazam aviaqatnovlarni qayta tiklash, parvozlar geografiyasini kengaytirish, aviakompaniyalarga parvozlar uchun tegishli huquqlarni berish masalalari ko‘rib chiqildi.

Indoneziya aviakompaniyalari vakillari bilan o‘tkazilgan uchrashuvlarda esa ularning O‘zbekistonga parvozlarini yo‘lga qo‘yish, aviakompaniyalar hamda turoperatorlari bilan hamkorlikda “Umra plyus” dasturini amalga oshirish, hamda Markaziy Osiyolik turistlarni O‘zbekiston aeroportlari orqali Indoneziya turistik shaharlariga tashishni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq jihatlar muhokama qilindi.

Muzokaralar yakuniga ko‘ra aviatsiya hukumatlari o‘rtasida tegishli hujjatlar imzolandi va bir qator kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Havo qatnovi to‘g‘risidagi ikki tomonlama bitimda aviakompaniyalar soniga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinadi.

O‘zbekiston tomonidan tayinlangan aviakompaniyalar uchun Jakartaga qo‘shimcha ravishda eng yirik turistik va sanoatlashgan Denpasar, Surabaya, Medan, Yogyakarta, Majalengka, Banda Asex, Tanjung Pandan, Lombok va qo‘shimcha istalgan ikkita shaharlar parvoz manzili etib belgilanadi. Indoneziya tomonidan tayinlangan aviakompaniyalari uchun O‘zbekistonning barcha xalqaro aeroportlariga parvoz qilish huquqi beriladi.

Barcha turdagi aviaqatnovlar uchun haftasiga 3 marta etib belgilangan chastotalar yangi kelishuv asosida har bir tomon aviakompaniyalari uchun 28 taga oshiriladi (jami 56 ta). Ularning yarmi yo‘lovchi va qolgan yarmi yuk tashish uchun belgilanadi.

Shuningdek, barcha aviakompaniyalarga aviaqatnovlarni havo kemasining yo‘lovchi va yuk sig‘imi bo‘yicha cheklovlarsiz parvozlarni amalga oshirishiga ruxsat beriladi. Aviakompaniya va aviatsiya hukumati o‘rtasida 1995-yilda imzolangan kelishuv bekor qilinib, barcha parvozlar yangi kelishuv shartlari asosida amalga oshiriladi.

Denpasar yo‘nalishida aviaqatnovlarning 50%i Code Share asosida amalga oshiriladi. Bundan tashqari, yuk tashish aviaqatnovlari uchun har ikki tomon aviakompaniyalariga uchinchi, to‘rtinchi va beshinchi havo erkinliklari beriladi.

Maʼlumot uchun, O‘zbekiston fuqarolari Indoneziyaga kirib kelganda (Visa on arrival) viza olishlari mumkin.

Avvalroq, Spot jurnalisti 10 kun Balida bo‘lib, qaysi mehmonxonada qolish, qayerlarga borish va bu qanchaga tushishi mumkinligi haqida so‘zlab bergandi.