2025-yil oxirigacha Toshkentda 50 mingta “aqlli” sovuq suv hisoblagichlari o‘rnatiladi. Bu haqda Toshkent shahar suv ta’minoti matbuot kotibi Ravshan Yoqubjonov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, poytaxtda suv ta’minoti va kanalizatsiya tarmoqlarini transformatsiya qilish loyihasi 7 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, Fransiyaning Suez kompaniyasi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.

Dastlabki bosqichda Shayxontohur tumanining bir necha nuqtalariga “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilib, ikki yil davomida sinovdan o‘tkazildi, texnik kamchiliklar bartaraf etildi.

“Yangi hayot tumanida „aqlli“ hisoblagichlar o‘rnatilganiga 10 kun bo‘ldi. Yil oxirigacha bu tumanda 50 ming dona hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilgan”, — deya ma’lum qildi u.

Ravshan Yoqubjonovning tushuntirishicha, “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatilgandan so‘ng, uy xo‘jaliklarining ko‘rsatkichlarni billing tizimiga uzatishlari shart bo‘lmaydi.

Bu O‘zsuvta'minot kompaniyasining poytaxt filialiga ma’lumotlar bazasini xatosiz shakllantirishga, yetkazib beruvchi va abonentlar o‘rtasidagi tushunmovchiliklarni bartaraf etishga hamda tarmoqlarda suv ta’minotini samarali boshqarishga imkon yaratadi.

Keyingi 5 yil ichida 670 mingta “aqlli” hisoblagich o‘rnatish rejalashtirilmoqda. Almashtirish iste’molchilar uchun bepul bo‘lib, “O‘zsuvta'minot” mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.

“Aqlli” hisoblagichlarning kafolat muddati 5 yilni tashkil etadi. Ushbu muddat ichida har qanday nosozlik aniqlansa, ishlab chiqaruvchi ularni kafolat shartlariga binoan ta’mirlaydi.

Toshkent shahar suv ta’minoti va Suez kompaniyalari 2023-yil avgust oyida poytaxt suv quvurini modernizatsiya qilish ishlarini boshlashlarini e’lon qilishdi.

Yetti yil ichida “aqlli” hisoblagichlar o‘rnatish, suv sifatini nazorat qiluvchi datchiklar joylash, suv haydash va nasos stansiyalari hamda tozalash inshootlarida energiya sarfini optimallashtirish rejalashtirilgan.


Avvalroq Spot 2025-yilda Toshkentda issiqlik ta’minoti uchun narxlar bir marotaba oshirilishi haqida yozgandi.

Xalq deputatlari poytaxt kengashiga tariflarni indeksatsiya qilish bo‘yicha taklif kiritildi. Biroq, narxlar qanday belgilanishi hozircha noaniq.