Qirg‘iziston va O‘zbekiston Qozog‘istonga mamlakat janubidagi sug‘orish taqchilligini bartaraf etish uchun 600 mln kub metr suv yuboradi. Bu haqda Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari Kanat Bozumbayevga tayanib 24.kg nashri xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘iston janubidagi sug‘orish suvi bilan bog‘liq hozirgi vaziyat zudlik bilan aralashuvni talab qiladi.
Davlatlar o‘rtasida ilgari erishilgan kelishuvlar qishloq xo‘jaligi ehtiyojlari uchun zarur suv hajmini ta’minlash imkonini beradi.
Kanat Bozumbayevning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston va O‘zbekiston vakillari bilan barcha zarur muzokaralar o‘tkazilgan.
Avvalroq Qozog‘istonga suv yetkazib berish jadvalida 1 mlrd kub metrdan ortiq kechikish qayd etilgan edi.
Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari, shuningdek, 2025-yilda Markaziy Osiyodagi murakkab iqlim sharoitlariga, jumladan, suv tanqisligi, yozgi yuqori harorat va yog‘ingarchilikning yetishmasligiga e’tibor qaratdi. Bu esa o‘simlikshunoslik uchun suv sarfining ortishiga va uning oqimi kamayishiga olib keldi.
Kanat Bozumbayevning ma’lumotlariga ko‘ra, Sirdaryo, Shu va Talas daryolari hamda boshqa kanallarning oqimi odatdagidan 30−40% gacha pasaygan. Bu esa hududni suv bilan ta’minlashda qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.
Avvalroq Spot Jahon banki O‘zbekistonda irrigatsiya infratuzilmasini yaxshilash uchun $200 mln kredit ajratishi haqida yozgandi.
Mablag‘lar irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, fermerlarga irrigatsiya xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun yo‘naltiriladi.