Qozog‘istonning Yevroosiyo Banki O‘zbekistondagi faoliyatini to‘xtatdi. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar berdi.

Taʼkidlanishicha, bu — Qozog‘istondagi biznesni rivojlantirishga resurslarni jamlash bo‘yicha avvalroq qabul qilingan strategik qarorning mantiqiy yakuni hisoblanadi.

O‘zbekiston bankiga investitsiyalarni to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror regulyator rasmiy xabarnoma yuborishidan ancha oldin bank boshqaruvi va direktorlar kengashi tomonidan ma‘qullangan.

“Qozog‘iston bozoriga e‘tibor qaratish — bankka yangi loyihalarni amalga oshirish va mijozlar hamda hamkorlar uchun eng katta salohiyat mavjud bo‘lgan yo‘nalishlarda o‘z mavqeini mustahkamlash imkonini beradi”, deyiladi xabarda.

28-avgust kuni O‘zbekiston Markaziy banki Boshqaruvining qarori bilan Yevroosiyo Banki’dan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyasi chaqirib olingani haqida xabar berilgandi. Bunga bank tomonidan ustav kapitali miqdori qonunchilikda belgilangan eng kam talablarga muvofiqlashtirilmaganligi hamda banklar va bank faoliyati to‘g‘risidagi boshqa talablar bajarilmaganligi sabab bo‘lgan.

Qonunchilikda 2023-yilning sentabridan banklar ustav kapitalining eng kam miqdorini 200 mlrd so‘m, 2025-yildan esa 500 mlrd so‘mgacha oshirishi kerakligi belgilangan. KTYDR ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yil 11-yanvarda ro‘yxatdan o‘tgan Yevroosiyo banki’ning ustav fondi 200 mlrd so‘mni tashkil etadi. Joriy yilning 1-avgust holatiga, bank kapitali — 104 mlrd so‘m.

Qozog‘iston Moliya bozorini tartibga solish va rivojlantirish agentligi 2022-yilning oxirida “Yevrosiyo banki"ning O‘zbekistonda faoliyat yuritishiga ruxsat berdi. Bundan oldin bank rahbari Valentin Morozov o‘z intervyusida qo‘shni mamlakat bank bozorining jozibadorligini ta’kidlagandi.

2023-yilning mayida O‘zbekiston Markaziy banki Qozog‘iston kredit tashkilotiga sho‘ba korxonasini ochish uchun dastlabki ruxsatnomani berdi. O‘tgan yil boshida regulyator tomonidan Qozog‘iston kredit tashkilotiga bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya berilgandi.

Avvalroq banklarda axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlikni taʼminlash xizmati tashkil etilishi haqida xabar berilgandi. Mazkur xizmat tomonidan tashqi kiberhujumlar aniqlanganda zudlik bilan Markaziy bankka xabar berilishi kera