OpenAI kompaniyasi DevDay 2025 ishlab chiqaruvchilari uchun taqdimot o‘tkazdi. ChatGPT foydalanuvchilariga yangi imkoniyatlar taqdim etildi.

Xususan, kompaniya Apps SDK vositasini ishga tushirdi. Bu vosita uchinchi tomon dasturchilarining ilovalarini chat-botga qo‘shish imkonini beradi.

Foydalanuvchilar chat-bot bilan suhbat davomida xizmatlarga ko‘rsatma berishlari, shuningdek, ularning interfeysidan foydalanishlari mumkin bo‘ladi.

Buning uchun ChatGPT so‘rovining boshida kerakli ilova nomini ko‘rsatish talab etiladi. Chat-bot xizmatni avtomatik tarzda ulab, foydalanuvchiga yordam berish maqsadida suhbat kontekstidan foydalanadi.

Hozirda chat-botda 7 ta xizmat mavjud: Booking.com, Canva, Figma, Coursera, Spotify, ko‘chmas mulk xarid qilish platformasi Zillow va aviachiptalar sotib olish xizmati Expedia.

Birinchi bosqichda bu xizmatlarga Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi barcha foydalanuvchilar (bepul foydalanuvchilar ham) kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

OpenAI yaqin kelajakda Yevropa Ittifoqi uchun Apps SDK’ni ishga tushirishni va uni korporativ hamda ta’lim obunalariga kengaytirishni rejalashtirmoqda. Yil oxirigacha yana 11 ta ilovani, jumladan Tripadvisor, Uber va Doordash yetkazib berish xizmatini integratsiya qilish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, chat-botga boshqa xizmatlarni qo‘shish bo‘yicha arizalarni qabul qilish ham boshlanadi.

Shuningdek, OpenAI AgentKit — sun’iy intellekt agentlarini ishlab chiqish uchun vositalar to‘plamini taqdim etdi. Uning yordamida insonning minimal aralashuvi bilan foydalanuvchi so‘rovlarini bajarishga qodir bo‘lgan avtonom algoritmlarni yaratish, ularning ishini kengaytirish va optimallashtirish mumkin.

AgentKit agentlarni yaratish va ularni boshqarish uchun Agent Builder interfeysini, shuningdek, ChatKit foydalanuvchi mahsulotlariga chat agentlarini joylashtirish paketini o‘z ichiga oladi.

Bundan tashqari, agentlar samaradorligini baholash va ularni optimallashtirish uchun Evals platformasining funksional imkoniyatlari kengaytirildi.


Avvalroq Spot O‘zbekistonda Google AI Plus obunasini oyiga 5 dollardan boshlab sotib olish mumkinligi haqida yozgandi.