O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasida viza rasmiylashtirish tartiblari soddalashtirilishi mumkin. Bu haqda Dunyo AA xabar berdi.
Bratislava shahrida O‘zbekiston va Slovakiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida birinchi konsullik maslahatlashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralarda viza rasmiylashtirish tartiblarini soddalashtirish, mehnat migratsiyasi va konsullik maʼlumotlarini almashish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Slovakiya tomoni milliy vizalarni olish tartibini soddalashtirish, xususan, arizalarni ko‘rib chiqish muddatini uch oydan bir oygacha qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Shuningdek, tomonlar Slovakiya Migratsiya masalalari agentligini Volvo zavodida mehnat qilish uchun O‘zbekistondan ishchi muhojirlarini jalb etish istiqbollari haqida xabardor etishga kelishib oldi.
Muhojirlar uchun slovak tilini o‘rgatish bo‘yicha kurslar tashkil etilishi mumkin.
Tegishli davlat idoralari mehnat migratsiyasini tartibga solish, migratsiya va mobillik, shuningdek, readmissiya masalalari bo‘yicha ikki tomonlama kelishuvlar ustida ish olib borishadi.
Joriy yilning iyunida bo‘lib o‘tgan Shavkat Mirziyoyev va Slovakiya bosh vaziri Robert Fitsoning muzokaralarida Slovakiya tomoni tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi sohasida tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekani ta’kidlangandi.
Avgust oyida Markaziy bank joriy yilning aprel-iyun oylarida Boltiqbo‘yi davlatlari — Litva, Latviya va Estoniyadan keladigan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 65,6% ga ko‘payganini ma’lum qilgandi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistondan Yevropaga sayohatlarga talab 38% ga oshgani haqida yozgandi.