Shavkat Mirziyoyev 15-oktabr kuni Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Tadbirda Podshohlikning investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih, ACWA Power, Al Muhaidib Group, Vision Invest, Data Volt, Riyadh Cables, AlMajdiah, InterHealth, Saudi Tabreed, AlBawani Holding, Miahona, Pemco va boshqa yetakchi kompaniya va korporatsiyalari ishtirok etdi.

Qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli $27 mlrddan oshdi. Joriy yil boshidan buyon O‘zbekistonda Saudiyaning $2 mlrdlik investitsiyalari o‘zlashtirildi. O‘zaro savdo hajmi barqaror oshib bormoqda. Aviaqatnovlar soni haftasiga 60 martadan ortdi.

Bugun ikki mamlakat o‘rtasidagi yangi loyiha — yangi Toshkent xalqaro aeroportining qurilishiga tamal toshi qo‘yilishi alohida taʼkidlandi.

“O‘zbekistonning iqtisodiy transformatsiyasiga, uning rivojlanishiga katta hissa qo‘shayotgan saudiyalik hamkorlarimizni biz doim yuksak qadrlaymiz”, — dedi prezident.

Mamlakat yetakchisi hamkorlikni yana-da rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini ko‘rsatib, energetika sohasidagi loyihalar alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.

ACWA Power kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda $15 mlrdlik loyihalar, jumladan, hududlarda shamol va quyosh elektr stansiyalarini qurish, “yashil” vodorodni rivojlantirish loyihalari amalga oshirilmoqda. Ularda mahalliy ishlab chiqaruvchilarning mahsulotlaridan keng foydalanish sanoat salohiyati rivojlanishiga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Axborot texnologiyalari va sunʼiy intellekt sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashda DataVolt kompaniyasi Toshkentda maʼlumotlar markazini tashkil etish loyihasini amalga oshirayotgani qayd etildi. Yangi Toshkent va Buxoroda shunday markazlar qurilishini, shuningdek, Saudiya Arabistoni kompaniyalarining raqamli tashabbuslardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlashga tayyorlik bildirildi.

O‘zbekiston volfram, molibden, magniy, litiy, grafit, titan va boshqa strategik muhim foydali qazilmalarning katta zaxiralariga ega. Toshkent va Samarqand viloyatlarida Kelajak metallari texnoparki tashkil etilib, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.

Prezident saudiyalik investorlarni geologiya-qidiruv ishlarini olib borish va xomashyoni qazib olishdan tortib, uni qayta ishlash va tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan barcha jarayonlardagi loyihalarda faol ishtirok etishga taklif etdi.

Infratuzilma sohasida Miahona kompaniyasi bilan Farg‘ona va Jizzax shaharlarida oqova suvlarni tozalash, Qoraqalpog‘istonda suv taʼminoti tizimlarini rivojlantirish va nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish loyihalari bo‘yicha hamkorlik qilinayotgani qayd etildi. Saudi Tabreed bilan kommunal sohani rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Prezident kompaniyalarni infratuzilmani modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan loyihalarda faol ishtirok etishga chaqirdi. Biznes vakillari O‘zbekistonning iqtisodiy siyosati, barqaror o‘sishi va qulay investitsiyaviy muhitini yuqori baholab, mamlakatda o‘zaro manfaatli sheriklikni yana-da chuqurlashtirish, aniq loyiha va dasturlarni ilgari surish rejalarini bayon qildi.

Spot, avvalroq, ACWA Power O‘zbekiston hukumati bilan $5 mlrdlik yangi kelishuvni muhokama qilayotgani haqida yozgandi.