O‘zbekiston va Xitoy kompaniyalari infratuzilma loyihalari bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yadi. Bu haqda Savdo-sanoat palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

Palata raisi Davron Vaxobov va O‘zsuvtaʼminot boshqaruv raisi o‘rinbosari Nodir Xodjamov 4-noyabr kuni Xitoyning Shaanxi Construction Engineering Group (SCG) kompaniyasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Unda qurilish, infratuzilma, energiya tejamkor materiallar va innovatsion loyihalar sohasida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan fikr almashildi.

Xususan, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida 50 ming kublik va Andijon viloyati Paxtaobod tumanida 25 ming kublik suv tozalash inshootlari qurilishi bo‘yicha loyihalar muhokama qilindi.

O‘zbekistonda to‘qimachilik sohasida birinchi marta amalga oshirilayotgan loyiha mahalliy mahsulotlarni eksport bozoriga chiqarish imkoniyatini kengaytirishi kutilmoqda.

Kompaniya ushbu loyihalarni davlat-xususiy sherikchilik asosida 10 yildan 20 yilgacha moliyalashtirish va boshqarish modelida amalga oshirishni taklif etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha amaliy qadamlarni belgilashga kelishib oldi.

Spot, avvalroq, suv xo‘jaligini raqamlashtirish va monitoring markazi tashkil etilishi haqida yozgandi.

Shaanxi Construction Engineering Group (SCG) — Shensi viloyatida joylashgan yirik davlat kompaniyasi bo‘lib, 460 dan ortiq filial, 12 xorijiy vakolatxona va 120 mingdan ziyod xodimga ega.

Kompaniya fuqarolik, sanoat, transport, energetika va gidroinjenerlik obyektlarini qurishda katta tajribaga ega bo‘lib, dunyo bo‘ylab yirik loyihalarni amalga oshirgan.