Markaziy bank kelgusi yilda xorijdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 10% gacha oshishini kutmoqda. Bu haqda Pul-kredit siyosatining 2026-yil va 2027−2028-yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarining dastlabki konseptual loyihasida keltirilgan.

Joriy yilning 9 oyida mamlakatga chet eldan pul o‘tkazmalari 24% ga oshib, $13,9 mlrdni tashkil etdi. 2023-yilga nisbatan esa ko‘rsatkich 66% ga ($5,5 mlrd) o‘sdi.

Regulyator o‘sishni mehnat muhojirlarini qabul qiluvchi mamlakatlar valyutasining mustahkamlanishi, yuqori iqtisodiy faollik hamda ishchi kuchiga bo‘lgan barqaror talab bilan izohladi.

2026-yilda joriy va o‘tgan yillardagi yuqori baza fonida pul o‘tkazmalari 6−10% ga, o‘rta muddatli davrda esa 8−12% ga o‘sishi prognoz qilinmoqda.

Pul o‘tkazmalari hajmi o‘sishining o‘rta muddatli trend doirasida shakllanishiga mehnat migrantlarini qabul qiluvchi asosiy davlatlar valyutalari kurslarining kutilayotgan dinamikasi, ishchi kuchiga bo‘lgan yuqori talab hamda geografik diversifikatsiya asosiy omil bo‘lishi kutilmoqda.

Birinchi yarim yilda O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari 27%ga oshib, $8,2 mlrdga yetdi. Bunda ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan $1,8 mlrdga ko‘payib, $8,2 mlrdni tashkil qildi.

Mablag‘larning 78%i — $6,4 mlrdi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi. Qolgan qismi esa Qozog‘iston, AQSh, Janubiy Koreya, Turkiya, Buyuk Britaniya, Qirg‘iziston, Litva hamda boshqa mamlakatlardan jo‘natilgan.

Avvalroq Markaziy bank Amerika valyutasining so‘mga nisbatan kursini 12 060,27 so‘m etib belgilagani haqida xabar berilgandi.