Hududiy elektr tarmoqlari Buxoroda 1,8 mlrd so‘mlik asossiz qarzdorlikni qayta hisoblaydigan bo‘ldi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.

Buxoro davlat universiteti va Buxoro davlat tibbiyot instituti Hududiy elektr tarmoqlari‘ning Energiyasavdo filiali faoliyatidan norozi bo‘lib, hududiy boshqarmaga murojaat qildi.

O‘rganishlar jarayonida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilot taʼlim muassasalariga oshirilgan tarifni qo‘llab, 1,8 mlrd so‘mdan ortiq qo‘shimcha to‘lovni asossiz hisoblagani maʼlum bo‘ldi. Shu bois “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun buzilgani bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.

Hududiy boshqarma maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, asossiz hisoblangan mablag‘ qayta hisob-kitob qilinadi. Energiyasavdo filialiga bunday kamchiliklarni takrorlamaslik haqida ko‘rsatma berildi.

Ushbu qaror va ko‘rsatmadan norozi bo‘lgan tomon qo‘mitaning apellyatsiya kengashiga yoki sudga murojaat qilishi mumkinligi qo‘shimcha qilindi.

Iyul oyida Raqobat qo‘mitasi elektr quvvati ortiqcha hisoblananayotgan holatlarni o‘rganishi haqida xabar berilgandi.


Avvalroq Raqobat qo‘mitasi aralashuvidan keyin Toshkentda elektr tarmoqlari xatosi uchun tadbirkorga 1 mlrd so‘mdan ortiq hisob qayta ko‘rib chiqilishi belgilangandi.