Team lead (jamoa rahbari) bu shunchaki boshqaruvchi emas, balki jamoaning asosiy tayanchi va strategik koordinatori hamdir. Uning vazifasi faqat ish jarayonini boshqarish bilan chegaralanib qolmaydi. U kompleks yondashuvni talab etuvchi rejalashtirish, jarayonlarni tashkillashtirish va natijalar uchun to‘liq mas’uliyatni o‘z zimmasiga oladi.

Team lead avvalo jamoaning faoliyatini puxta, strategik rejalashtirib, vazifalarni xodimlar o‘rtasida samarali usulda taqsimlaydi. Shuningdek, u jamoa a’zolarini doimiy ravishda rag‘batlantirib boradi. Yakuniy natijada, u bajarilgan ishlar hajmi va erishilgan natijalar sifati uchun bevosita buyurtmachi oldida javobgar hisoblanadi.

Uzum’da Customer Care (Mijozlarga g‘amxo‘rlik qilish) domeni lead’i vazifasini vaqtincha bajaruvchi Vorisxon Fayzullayev Spot’ga bergan intervyusida team lead’ning asosiy vazifalari, shuningdek, jamoani boshqarishda nimalarga ahamiyat berish va qanday fazilatlarga ega bo‘lish kerakligi haqida so‘zlab berdi.

Intervyuning to‘liq versiyasi video-shaklda taqdim etilgan:



dasturlash, team lead, uzum, vorisxon fayzullayev

Vorisxon Fayzullayev,

Uzum'da Customer Care domeni lead’i vazifasini vaqtincha bajaruvchi.

2013-yilda Westminster Xalqaro universitetining (WIUT) Iqtisodiyot yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilinganman. Maqsadim malakali iqtisodchi bo‘lish edi. Birinchi kurs odatda umumiy fanlarni qamrab olganligi sababli, o‘qish jarayoni bilan parallel ravishda amaliy tajriba orttirish maqsadida ish faoliyatimni boshlashga qaror qildim. Iqtisodiyot sohasida ishga kirish, ayniqsa talabalar uchun yuqori malaka talablari hamda masofaviy ishlash imkoniyatlarining cheklanganligi tufayli murakkablik tug‘dirardi.

O‘sha paytlarda IT sohasida ya’ni Toshkent teleminorasidan (Radioaloqa, radioeshttirish va televideniya markazi — Spot izohi) ish chiqqan. Ko‘pchilik teleminorani faqat ekskursiya qiladigan joy va unda faqat restoran bor, deb o‘ylashadi. Aslida u yerda juda katta IT jamoasi bor.

Ikkinchi kursda oliygohda yo‘nalish tanlashimiz kerak edi. Iqtisod yo‘nalishini tanlamoqchi edim, biroq, ish hamda o‘qishning yo‘nalishi bir xil bo‘lishi kerakligi sabab, o‘qishimni IT yo‘nalishiga o‘tkazdim.

Teleminorada 4 yil mobaynida faoliyat yuritdim. Dastlab, ishimni xizmat ko‘rsatish bo‘limining eng quyi pog‘onasidan, bosma qurilmalar uchun sarflanadigan materiallarni ta’minlash va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq vazifalardan boshladim. Keyinchalik, dasturiy ta’minotni ishlab chiqishga o‘tdim. Birinchi qilgan ishlarimdan biri teleminoraga kirishdagi QR-kod tizimini ishlab chiqish bo‘ldi — hozir bu metrolarda ham tatbiq qilinmoqda.

Teleminoradagi faoliyatimdan so‘ng, o‘sha paytda Kapitalbank’ning mobil ilovasini ishlab chiquvchi Apelsin startapiga ishga o‘tdim. Ushbu Fintex loyihasi mamlakatdagi Payme va Click kabi yirik to‘lov xizmatlari singari tez sur’atlarda rivojlanib borayotgandi.

Apelsin jamoasidagi ish faoliyatim davomida, Uzum kompaniyalar guruhi O‘zbekiston bozoriga kirib kelib, bir qancha istiqbolli startaplarni, jumladan, Apelsin’ni ham o‘z tarkibiga birlashtirish orqali yirik holdingga aylandi. Shu tariqa, men Apelsin’dan Uzum kompaniyasining bevosita jamoasi tarkibiga o‘tdim va bu yirik loyihada o‘z faoliyatimni davom ettirdim.

Timlid vazifasi qanday?

Administrator paneli — tashkilot xodimlari uchun mo‘ljallangan, markazlashgan yagona raqamli platforma. Uning asosiy maqsadi xodimlarning kundalik ish faoliyatini samarali boshqarish uchun zarur bo‘lgan barcha instrumentlar hamda funksional imkoniyatlarni ta’minlashdan iborat.

Bu panel turli operatsion va moliyaviy hisobotlarni avtomatik olish, tashkilotning ichki ish jarayonlarini amalga oshirish hamda mijozlar muammolarini hal qilish va ularning so‘rovlariga javob berish uchun zarur bo‘lgan barcha ma’lumot va vositalarni jamlash kabi funksiyalarni bajaradi.

Endi team lead’ga to‘xtaladigan bo‘lsak, u — biznes talablari va texnik ijro o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaruvchi muhim boshqaruv pozitsiyasi.

Asosiy vazifalar quyidagilardan iborat:

  1. Biznesdan kelgan talablarni texnik tilga o‘tkazish: talablarni qabul qilish, tahlil qilish hamda aniq, tushunarli texnik tilga aylantirish.
  2. Vazifani taqsimlash: aniq belgilangan texnik vazifalarni jamoa a’zolari, jumladan, analitik, backend dasturchi va frontend dasturchilar o‘rtasida taqsimlash.
  3. Ijroni nazorat qilish: belgilangan funksiyalarning texnik standartlarga muvofiq, muddatida bajarilishini muntazam nazorat qilib borish.

Garchi yakuniy mahsulotning sifati bevosita sinovdan o‘tkazilsa ham yakuniy javobgarlik Timlid zimmasida bo‘ladi. Hamma vazifani ko‘rib chiqishga vaqtingiz yetmasligi mumkin, chunki vazifalar ko‘p, lekin asosiy o‘zgarishlarni ko‘rib chiqasiz va qandaydir xatolik aniqlansa, so‘ngi javobgar siz, ya’ni team lead bo‘ladi.

Uning ishi dasturchinikidan farq qiladimi?

Ishimiz oddiy dasturchining ishidan u qadar ham katta farq qilmaydi. Eng asosiy farqi shundaki, team lead butun jamoa muhitiga javobgardir. U jamoani shakllantiradi, undagi muammolarni hal qiladi va har bir a’zo bilan individual tarzda ishlaydi, ularning rivojlanishiga e’tibor beradi.

Uzoq vaqt dasturchi bo‘lib ishlaganingizdan so‘ng, qaror qabul qilishingizga to‘g‘ri keladi: doimo bir xil ishni qilib bo‘lmaydi. Dasturchilikda ham o‘ziga xos bosqichlar bor: junior, middle, senior. Senior darajasiga yetganingizdan keyin esa ko‘pchilik dasturchilar oldida tanlov paydo bo‘ladi — kimdir texnik yo‘nalishda davom etib, arxitekturaga o‘tishni istaydi, boshqalar esa menejment yo‘nalishini tanlaydi.

Bu bosqichlardan keyin inson tabiiy ravishda rivojlanish hamda yangi mas’uliyatni his eta boshlaydi. Shaxsan men uchun ham ishda biznes tomonini tushunish va unga ta’sir ko‘rsatish muhim bo‘lgan.

Men Pascal, C++ va Java dasturlash tillarini bilaman. React va Vue yordamida frontend loyihalar ustida ishlaganman.

Dasturchi sifatida, masalan, bir oyda 4 ta vazifani bajarishim mumkin bo‘lsa, team lead sifatida 20 ga yaqin task’da ishtirok etish mumkin. Bu esa ancha kengroq ta’sir doirasini berib, ish jarayonini kuzatish, natijalarni ko‘rish hamda ko‘proq masalalarda ishtirok etish imkonini beradi.

Jamoani boshqarish tamoyillari

Jamoada tenglik tamoyiliga amal qilishga harakat qilaman. Biroq tenglik har doim ham haqqoniylik degani emas — chunki jamoa a’zolari turli vazifalarni bajarishadi, ularning tajribasi, mas’uliyati va ehtiyojlari ham farq qiladi. Shunga qaramay, imkon qadar har bir insonni tinglashga, ularga zarur yordam va e’tibor berishga intilaman.

Jamoamizda har kuni uchrashuvlar o‘tkaziladi. Bundan tashqari, har ikki haftada bir marta “one-to-one” suhbatlar tashkil qilamiz. Bu suhbatlarda har bir xodim bilan individual tarzda muloqot qilib, ularning holati, ishdagi motivatsiyasi hamda burnout holatlarining oldini olishga harakat qilamiz.

Agar jamoada burnout holati paydo bo‘lsa, bu team lead uchun muhim signal. Demak, biror joyda e’tibor yetarli bo‘lmagan yoki muammo vaqtida hal qilinmagan. Bunday vaziyatda muammoni iloji boricha tezroq bartaraf etish kerak. Agar bunga team lead’ning kuchi yoki tajribasi yetmasa, rahbar yoki HR mutaxassislar bilan maslahatlashib, birgalikda yechim topishga urinib ko‘rish lozim.

Sun’iy intellekt qanday ta’sir qiladi?

Timlid misolida sun’iy intellekt bugungi kundagi rivojlanish darajasida katta o‘zgarish olib kiradi, deb o‘ylamayman. Shunga qaramay, u katta hajmdagi yuklamalarni kamaytirish, vaqtni tejash hamda jarayonlarni optimallashtirishda muhim rol o‘ynaydi.

Lekin bugungi kunda SI juda katta qadamlar bilan rivojlanyapti va yaqin kelajakda balkim nimadir o‘zgarar, lekin bugungi kunda dasturchilarning o‘rnini bosa oladigan darajaga hali yetib kelgani yo‘q. Bir paytlar 1C tizimi paydo bo‘lganida, u buxgalterlar o‘rnini egallab oladi, degan fikrlar bo‘lardi. Ammo ko‘rib turibmizki, bu taxmin bugungi kunda o‘zini oqlamagan — buxgalterlarga bo‘lgan talab haligacha yuqori va ularning har bir ishda roli muhim.

Yosh dasturchilarning SI vositalariga haddan tashqari tayanib qolishi ularning rivojlanishiga jiddiy xavf tug‘diradi. Dasturchining asosiy qiymati tayyor kodni yozishda emas, balki murakkab vaziyatni tahlil qilish, muammoning ildizini aniqlash va eng maqbul me’moriy yechimni topishda yotadi.

Kitoblar tavsiyasi va maslahatlar

Kitoblar.Cracking the Coding Interview: 189 Programming Questions and Solutions”, Geyl Laakman Makdauell. Ushbu kitob dasturiy ta’minot muhandisligi sohasidagi texnik intervyularga ayniqsa, yirik IT kompaniyalariga ishga kirishga tayyorgarlik ko‘rish uchun mo‘ljallangan klassik qo‘llanma hisoblanadi.

Thinking, Fast and Slow”, Daniel Kaneman. Kitob kognitiv psixologiya va xulq-atvor iqtisodiyoti sohasining asosiy asarlaridan bo‘lib, inson miyasining qaror qabul qilish jarayonini boshqaruvchi ikkita tizimni tahlil qiladi.

Fazilatlar. Team lead uchun eng muhim fazilatlardan birinchisi — stressga chidamlilik. U turli bosimlar, muammolar va noaniqliklar orasida tinchlikni saqlab, to‘g‘ri qaror qabul qila olishi kerak. Bundan tashqari, bir vaqtning o‘zida bir nechta vazifani boshqarish ko‘nikmasiga ham ega bo‘lishi kerak.

Psixologik sezgirlik ham muhim. Chunki jamoani hamjihat qilib ishlatish, ayniqsa masofadan ishlaydigan, turli davlat va mentalitet vakillaridan iborat jamoani boshqarish oson emas.

Soha bo‘yicha bilimga ega bo‘lish texnik bilimlardan tashqari, ishlayotgan biznes sohasi haqida ham yetarli tushunchaga ega bo‘lish zarur. Bu qarorlarni aniqroq va samaraliroq qabul qilish imkonini beradi.