Avvalroq, “Apelsin” to‘lov tizimi va banki “Uzum” kompaniyalar guruhiga qo‘shilishi haqida xabar berilgandi.

Regulyatorning ma’lum qilishicha, “Bank Apelsin” nomi “Uzum Bank” aksiyadorlik jamiyatiga o‘zgardi.

Shuningdek, unga berilgan bank faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya qayta rasmiylashtirildi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, “Uzum” marketpleysi bilan integratsiya onlayn-bankingda yangi yo‘nalishlarni rivojlantirishga qaratilgan.

“„Uzum“ ekotizimiga raqamli bankning kiritilishi to‘liq foydalanuvchilar ssenariysini yaratish imkonini beradi”, — degandi “Apelsin” rahbari Sergey Gimadiyev.

Masalan, mijoz bitta ilovada karta va kreditni rasmiylashtirish, tovar xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

“Uzum” kompaniyalar guruhi foydali xaridlar va qulay to‘lovlar bo‘yicha xizmatlarni rivojlantirmoqda. Hozir O‘zbekistonda “Uzum” brendi ostida ikkita xizmat — bir kunlik yetkazib berish bo‘yicha marketpleys, shuningdek “Uzum Nasiya” (Paymart) bo‘lib to‘lash (rassrochka) xizmati faoliyat ko‘rsatmoqda.