Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki Star Ventures dasturida ishtirok etish uchun arizalar qabulini boshladi. Bu haqda tashkilot saytida xabar berildi.

Ikki yillik dastur o‘sish salohiyati yuqori bo‘lgan va kengayishga tayyor startaplarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan. Dasturda ishtirok etish kompaniyalarga rivojlanishning individual yo‘lini ishlab chiqish va jahon bozorlariga chiqish uchun investitsion jozibadorlikni kuchaytirish imkonini beradi.

Star Ventures doirasida startap asoschilari akseleratsiya bosqichidan so‘ng mentorlik yordami va strategik masalalar bo‘yicha shaxsiy maslahatlar olishadi. Shuningdek, ular keyingi o‘sish uchun kapitalni jalb qilish maqsadida investorlar bilan aloqa o‘rnatishlari mumkin bo‘ladi.

Dasturda innovatsion keng ko‘lamli yechimlar yoki texnologiyalarga asoslangan biznes modellarini taklif etuvchi startaplar ishtirok etishlari mumkin. Ruxsat etilgan sohalar orasida texnologik yechimlarni ishlab chiqish, sanoat, SaaS, xizmatlar, elektron tijorat, ijtimoiy tarmoqlar, DeepTech va yangi texnologiyalar mavjud.

Loyiha Yevropa Ittifoqining kichik va o‘rta biznes mezonlariga mos kelishi lozim. Bu mezonlar quyidagilardan iborat: ishchilar soni 250 nafardan kam bo‘lishi va aktivlar qiymati 43 mln yevrodan oshmasligi kerak. Boshqa shartlar ham mavjud:

  • yillik aylanmasi 1 mln yevrodan past bo‘lishi;
  • YTTB faoliyat ko‘rsatayotgan mamlakatlarning kamida bittasida ish olib borishi;
  • asosiy egalari loyiha amalga oshirilayotgan mamlakat fuqarolari bo‘lishi;
  • kompaniya tashkil etilganiga 10 yildan kam vaqt bo‘lgan bo‘lishi.

Arizani 30-noyabrgacha havola orqali yuborish mumkin.

YTTB 2023-yil oktabr oyida O‘zbekistonda “Star Venture” dasturi ishga tushirilishini e’lon qildi. Uning doirasida startapchilar biznes strategiyasi, tashkiliy va moliyaviy boshqaruv, marketing, sotish va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha maslahatlar olishadi, shuningdek, moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.


Avvalroq Tilmoch onlayn tarjimoni $150 ming investitsiya jalb qilgani haqida xabar berilgandi.

Shundan AloqaVentures $60 ming, Yoshlar Ventures $50 ming hamda IT Park Ventures $40 ming sarmoya kiritdi.