O‘zbekistonda Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining “Star Venture” dasturi ishga tushiriladi, deya xabar bermoqda “IT Park” matbuot xizmati.

Bu haqda 24-oktabr kuni “ICTWeek” haftaligi doirasida o‘tgan “Startap sammit"ida e’lon qilindi. YeTTBning mazkur dasturi innovatsion startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun joriy etilgan.

“Star Ventures” dasturi istiqbolli innovatsion startaplarni tajriba va moliyalashtirishdan foydalanish imkoniyatini taqdim etish orqali aniqlashga qaratilgan.

Loyiha strategiya, moliya, operatsiyalar, tashkil etish, marketing va sotish kabi turli jihatlar bo‘yicha maslahatlar berib, startaplarga o‘z bizneslarini rivojlantirishga yordam beradi.

O‘zbekistonda loyihaning ishga tushirilishi kichik va o‘rta korxonalarning o‘sishi uchun muhim qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirishni va’da qiladi, ularga muvaffaqiyatga erishishda yordam beradi.

Mamlakatdan kamida oltita startap tanlab olinishi kutilmoqda. Shu bilan birga, kompaniyalar turli sohalarning vakillari bo‘lishi mumkin: sun’iy intellektni rivojlantirish, ta’lim innovatsiyalari, qishloq xo‘jaligi texnologiyalari, tibbiyot, bulutli hisoblash va energiya tejamkor texnologiyalar.

Dasturda ishtirok etish uchun arizalarni 27-noyabrgacha havola orqali jo‘natish kerak.

Dastur haqida batafsil bu yerdan bilib olish mumkin.

Star Ventures” dasturi birinchi marotaba 2019-yili ishga tushgan. Shundan buyon, YeTTB tashabbusi 23ta mamlakatda 650dan ortiq startaplarni qo‘llab-quvvatlagan.

Startaplardan jalb qilingan sarmoya miqdori $420 mlndan oshdi. 2022-yili dastur Mo‘g‘uliston va Qozog‘istonda ishga tushirilgan.


Avvalroq “SABAH.lab” akseleratsiya dasturining beshinchi to‘lqiniga arizalar qabul qilinayotgani haqida xabar berilgandi. Unda MVP bosqichidagi startaplar ishtirok etishi mumkin. Eng yaxshi startaplarga SABAH.HUB tomonidan $100 ming miqdoridagi mablag‘lar yo‘naltiriladi.