Avvalroq prezidentning Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjatga ko‘ra, milliy turizm yagona platformasi va uning mobil ilovasi ishga tushiriladi.

2026-yil 1-iyuldan platforma orqali turistlarning roziligi asosida davlat chegarasini kesib o‘tishda yig‘iladigan maʼlumotlarni integratsiya qilib, elektron SIM-karta bilan ulanadi.

Vaqtincha bo‘lish joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish proaktiv shaklda — avtomatik amalga oshiriladi.

Platforma orqali sayohat yo‘nalishini tuzish, eng maqbul yo‘nalish va transport turini tanlash, chiptalarni onlayn band qilish va sotib olish imkoniyati yaratiladi.

Chipta xo‘jaligi joriy qilingan barcha turizm obyektlariga biletlarni onlayn sotib olish imkoniyatiga ega bo‘lgan yagona chipta tizimi joriy qilinadi.

Ekskursiyalar o‘tkazish uchun interaktiv xaritalar, planshetlar, audioyordamchi, videoyordamchi hamda onlayn translyatsiyalar vositasida turistik obyektlar haqida axborot berish imkonini beruvchi raqamli gid tizimi ishga tushiriladi.

Xorijiy va mahalliy turistlardan undiriladigan turistik yig‘im billing tizimi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri turizm jamg‘armasiga o‘tkaziladi.

Aholi dala hovlilarini ijara berishni Soliq ilovasida “men bilan birga” shaklida, birga dam oluvchilar sonini ko‘rsatib, soddalashtirilgan tartibda rasmiylashtiradi.

2026-yil oxirigacha milliy turizm yagona platformasiga sun‘iy intellekt va katta ma‘lumotlarni tahlil qilish tizimi joriy etiladi. U “Xavfsiz shahar” tizimi bilan integratsiya qilinib, turistlar oqimi, ularning qiziqishlari va xatti-harakatlarini tahlil qilish imkonini beradi.

Shuningdek, platforma shaxsiylashtirilgan marshrutlar, takliflar hamda narx va resurslarni boshqarish tizimini yaratadi.

2024-yilning dekabrida Vazirlar Mahkamasi Yagona milliy turizm platformasini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni tasdiqlagandi.


Spot, avvalroq, 2027-yilgacha turizm uchun olib kiriladigan avtobus va mikroavtobuslar bojdan ozod etilishi haqida yozgandi.