Istiqbolli loyihalar milliy agentligi kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalar niqobi ostida “moliyaviy piramida” xususiyatlariga ega bo‘lgan Lionsgate loyihasini aniqladi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu loyiha tashkilotchilari O‘zbekistonda kripto-aktivlar sohasida faoliyat yuritish uchun litsenziyaga ega emas.
Agentlik holat bo‘yicha huquqni muhofaza qilish organlariga tegishli murojaat yubordi.
Shuningdek, fuqarolarga litsenziyaga ega bo‘lmagan, kripto-aktivlar aylanmasi sohasida faoliyat yuritadigan loyihalarga mablag‘larni ishonib topshirmaslik taʼkidlandi.
Kripto-aktivlar bilan bog‘liq operatsiyalarni amalga oshirishdan oldin kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderi faoliyati litsenziyaga egaligini agentlik veb-saytidan tekshirish mumkinligi qayd etildi.
“Noqonuniy loyihalarda ishtirok etish mablag‘ingiz yo‘qolishiga va ma‘muriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilishingizga olib kelishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Kripto bozor talablari
2024-yilning dekabrida agentlik kripto-aktivlar aylanmasi sohasidagi xizmatlar provayderlariga litsenziya berganlik uchun davlat boji miqdorini belgiladi. Bojlar miqdori litsenziya rasmiylashtirish vaqtida amalda bo‘lgan bazaviy hisoblash miqdorlarida hisoblanadi.
Bunda har bir turdagi litsenziyalarni rasmiylashtirish uchun quyidagi miqdorlar undiriladi:
- mayning pul — BHMning 3 ming baravari (1,125 mlrd so‘m);
- kripto-do‘kon — BHMning 3 700 baravari (1,387 mlrd so‘m);
- kripto-depozitariy — BHMning 7 ming baravari (2,625 mlrd so‘m);
- kripto-birja — BHMning 73 400 baravari (27,525 mlrd so‘m).
ILMA boj miqdori va uni to‘lash tartibi jahon tajribasi hamda sohada faoliyat yuritayotgan xalqaro kompaniyalar tavsiyalari asosida belgilangani qayd etdi. Shuningdek, bu mamlakat hududiga har xil turdagi firibgarlik loyihalari tashkilotchilarining kirib kelishiga to‘siq bo‘lishi nazarda tutilgan.
Spot, avvalroq, ILMA to‘rtta sug‘urta kompaniyasini jami 156,5 mln so‘m jarimaga tortgani haqida yozgandi.
