Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudi qarori bilan ekologik qoidabuzarliklar uchun Maxam-Chirchiq faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu haqda Oliy sud matbuot xizmati xabar berdi.

Tabiatni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga oid qonun va normativ-huquqiy hujjatlar talablari ijrosini ta’minlanishi yuzasidan mazkur zavodda tekshirish ishlari o‘tkazildi.

Natijada 11 ta holatda kamchilik aniqlandi. Jumladan:

  • chang-gaz tozalash uskunasining samaradorligi me’yoriy hujjat talabiga javob bermasligi;
  • ifloslantiruvchi moddalar belgilangan me’yordan ortiq chiqarilayotganligi;
  • kimyoviy moddalar belgilangan hududda joylashtirilmaganligi;
  • suv tarkibidagi kimyoviy moddalarning ortiqcha chiqarilayotgani;
  • kompensatsiya to‘lovlari o‘z vaqtida to‘liq amalga oshirilmaganligi natijasida amaldagi qonunchilik talablariga rioya qilinmagan.

Shu bois Ekologiya vazirligi sudga ariza bilan murojaat qilib, Maxam-Chirchiq zavodining faoliyatini kamchiliklar bartaraf etilgunga qadar to‘xtatishni so‘ragan.

Chirchiq tumanlararo iqtisodiy sudining joriy yil 26-noyabrdagi hal qiluv qarori bilan zavod faoliyati aniqlangan kamchiliklar bartaraf etilgungacha to‘xtatildi.

24−25-noyabr kunlari tezkor guruhlar Toshkent shahri va poytaxtga yaqin joylashgan uchta tumandagi issiqxonalar hamda boshqa korxonalarda tekshiruv o‘tkazdi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, 34,8 mln so‘mlik jarimalar qo‘llanildi, shuningdek, atmosferaga salbiy ta’sir ko‘rsatgani sababli 18 ta obyekt vaqtincha yopildi.

Bundan tashqari, Toshkent viloyatida chiqindilarni yoqib yuborgan qurilish materiallari zavodlari yopildi. Yangiyo‘l atrofidagi korxonalar yoqilg‘i o‘rniga polietilen va chiqindilardan foydalangan, natijada atmosfera ifloslangan.

Avvalroq Spot Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxonalar gaz bilan ta’minlanishi haqida yozgandi.