Toshkent shahrida havoni ifloslantirayotgan 15 ta qurilish obyektida ishlar to‘xtatildi. Bu haqda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qo‘mita, Bosh prokuratura, Qurilish vazirligi, O‘zenergoinspeksiya va Qurilish inspeksiyasi hamda Sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa tegishli vazirlik va idoralar tomonidan poytaxtning 12 ta tumanidagi qurilish obyektlari kompleks o‘rganildi.

Bu jarayonga 140 nafar xodim jalb etilib, tadbirlar davomida 96 ta qurilish obyekti o‘rganildi. Natijada 60 ta holatda havoning chang va qum bilan ifloslanishining oldini olish bo‘yicha majburiy talablar buzilganligi aniqlandi. 47 ta holatda esa qurilish maydonining 25% ini ko‘kalamzorlashtirish talabi bajarilmagan.

Huquqbuzarliklarga qarshi qat’iy chora ko‘rilib, 15 ta obyektda qurilish ishlari vaqtincha to‘xtatildi, 70 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortildi hamda 68 nafar shaxs rasmiy ogohlantirildi.

Bundan tashqari, 24 ta obyektda suv yuvish moslamalari o‘rnatilishi ta’minlandi, 62 ta obyektda esa avtomashinalar shinalarini yuvish uchun basseynlar yaratildi.

Shuningdek, milliy qo‘mita IIV YHXB tomonidan yo‘llarni ifloslantirishning oldini olishga qaratilgan reydlar o‘tkazmoqda. Unda yuk mashinalarda ekologik talablarga rioya qilinayotganligi, tashilayotgan yuklarning brezent yoki boshqa qalin material bilan yopilganligi tekshirilmoqda.

Belgilangan qoidalarga rioya qilmagan va atrof-muhit ifloslantirayotgan yuk transport vositalari haydovchilariga tegishli choralar ko‘rildi va tushuntirish ishlari olib borildi.

Yo‘l harakati qoidalarining 162-bandida avtotransport vositalarining ochiq yuk tashish platformalarida, issiq asfalt, yirik gabaritli va og‘ir yuklardan tashqari, qurilish materiallari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat va oziq-ovqat tovarlarini, shuningdek, to‘kiladigan boshqa yuklarni tashishda yuk majburiy tartibda brezent yoki boshqa qalin material bilan yopilgan bo‘lishi lozimligi keltirilgan.

Avvalroq ekologik qoidabuzarliklar tufayli Maxam-Chirchiq zavodi faoliyati vaqtincha to‘xtatilgani haqida xabar berilgandi. O‘rganishlarda chang-gaz tozalash uskunalarining talabga javob bermasligi, ifloslanish me’yorlarining oshirilishi hamda kimyoviy moddalar noto‘g‘ri saqlanishi kabi 11 ta kamchilik aniqlangan.