Avvalroq prezident “Soliqlarning yig‘iluvchanlik darajasini oshirish va faol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, Yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, soliq va bojxona maʼmurchiligini takomillashtirish, fiskal tahlillar instituti tashkil etiladi.

Mazkur institut Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida bo‘ladi. U Budjet-soliq tadqiqotlari instituti negizida tashkil etiladi.

Institut yashirin iqtisodiyotning ijtimoiy-iqtisodiy sabab va omillarini chuqur tahlil qiladi. Ularni bartaraf etish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqadi.

Aholi va tadbirkorlarning soliq to‘lash madaniyatini oshirish, ularga sohada qonuniy faoliyat yuritishning afzalliklarini yetkazish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, fiskal shaffoflikni taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi.

Shu bilan birga, soliq va bojxona maʼmurchiligi samaradorligi oshiriladi, sohadagi tizimli muammo va to‘siqlar tahlil qilinib, aniqlanadi.

Mahalliy va xorijiy mutaxassislar bilan hamkorlikda ularni bartaraf qilish bo‘yicha asoslantirilgan takliflar ishlab chiqiladi.

Budjet-soliq va bojxona-tarif siyosatining milliy iqtisodiyot va fiskal barqarorlikka taʼsiri baholanadi. Ilg‘or xorijiy tajriba asosida qonunchilik tizimini takomillashtirishga qaratilgan tadqiqotlar tashkil qilinib, olib boriladi.

Joriy yilning to‘qqiz oyida O‘zbekistonda kuzatilmaydigan iqtisodiyot hajmi $36,1 mlrddan ortiq tashkil etdi. Norasmiy va yashirin iqtisodiyot hajmi yalpi ichki mahsulotning 33,3%iga yetdi.

Yashirin iqtisodiyot ulushi 2017-yildagi 50% dan 2024-yilda 35% gacha kamaygan. Yaqin istiqbolda yana 79 trln so‘mlik kuzatilmayotgan iqtisodiyotni statistika bilan qamrab olib, uning ulushini 29% gacha tushirish imkoniyati mavjudligi qayd etildi.


Spot, avvalroq, aholining 1 mln so‘mdan ortiq soliq qarzdorligi elektr energiyasining billing tizimi orqali undirilishi haqida yozgandi.