Prezident farmoni bilan bino va inshootlarning zilzilabardoshligi va seysmik xavfsizligini taʼminlashda davlat nazorati va boshqaruvini yaxshilash vazifalari belgilandi.

Hujjat bilan, noqonuniy qurilishlarning oldini olinib, ular erta aniqlanadi va bartaraf etish mexanizmlari takomillashtiriladi. Qurilish-pudrat tashkilotlarining obyektlar qurilishida zilzilabardoshlikni taʼminlash bo‘yicha javobgarligi kuchaytiriladi.

2026-yildan 2 va undan yuqori qavatli barcha ko‘p kvartirali uy-joylar instrumental-texnik tekshiruvdan o‘tkaziladi. Bu tekshiruvni amalga oshiruvchi ixtisoslashgan loyiha tashkilotlari ro‘yxati shakllantirilib, “Shaffof qurilish” tizimida ularning reytingi yuritiladi.

Tizimda instrumental-texnik tekshiruv xulosalari asosida bino va inshootlarning texnik holati monitoringi yuritiladi.

Instrumental-texnik tekshiruv xulosalarini tavsiyaviy mazmunda berish amaliyoti tugatiladi hamda ushbu xulosalar faqat ijobiy bo‘lgan taqdirda, ko‘p kvartirali uy-joylardan kelgusida foydalanishga ruxsat beriladi.

Kelgusi yildan milliy normativ hujjatlarga nomutanosib bo‘lgan qismlar uchun kompensatsiyalovchi choralar talab etiladi. Bu choralar asosida ishlab chiqilgan loyiha hujjatlari ekspertizadan o‘tkaziladi. Ekspertizani faqat “Shaharsozlik hujjatlarini ekspertiza qilish respublika markazi” davlat muassasasi amalga oshiradi.

Obyektlarning zilzilabardoshligi bo‘yicha ilmiy hamda loyiha hujjatlarining smeta qismidan tashqari shaharsozlik hujjatlari ekspertizasi xulosalarini tavsiyaviy mazmunda berish amaliyoti tugatiladi. Salbiy xulosalar loyiha tashkilotining “Shaffof qurilish"dagi reyting ballarini kamaytirishga asos hisoblanadi.

Qurilishi boshlangan ko‘p kvartirali uy-joylarga qo‘shimcha qavat qo‘shish yoki balandligini oshirish taqiqlanadi. Bunday o‘zgarishlar uchun hujjat tayyorlash, ekspertizadan o‘tkazish va qayta ro‘yxatdan o‘tkazish ham man etiladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan noqonuniy qurilmalarni buzdirish ishlari narxlari har yil uchun alohida belgilab boriladi.

Oktabr oyida O‘zbekistonda sunʼiy intellekt asosida zilzilalarni oldindan prognoz qilish tizimi joriy etilishi haqida aytilgandi. Toshkentda sinov tariqasida joriy etiladigan tizim seysmik xavfsizlikni taʼminlash va inshootlarning zilzilabardoshligini baholashda qo‘llanadi.


Avvalroq 2025-yil 1-dekabrdan zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi.