“Yuksalish” harakati Ijtimoiy va iqtisodiy tashabbuslar instituti bilan birgalikda O‘zbekistonda faoliyat yurituvchi 35 yoshgacha bo‘lgan muvaffaqiyatli yosh tadbirkorlar reytingini tuzdi.
U yosh tadbirkorlarni aniqlash va rag‘batlantirish, ularga ko‘mak beruvchi strategik qarorlarni qabul qilishda muhim ma’lumotlar bazasini shakllantirish hamda O‘zbekistonning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shayotgan yosh yetakchilarni jamiyatga tanitishga qaratilgan.
Reyting ikki bosqich asosida shakllantirildi. Birinchi bosqichda ekspert va tadbirkorlar tavsiyasi, shuningdek, OAV va ijtimoiy tarmoqlardagi maqolalar, biznes reytinglari hamda mukofotlarni tahlil qilish asosida 100 nafar 35 yoshgacha bo‘lgan yosh tadbirkorlar ro‘yxati shaklllantirildi.
Nomzodlar media va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi, obro‘si, jamoatchilik va ishbilarmonlik muhitiga ta’siri, mahsulot va xizmatlarning innovatsionligi, erishilgan yutuqlar hamda biznesning ijtimoiy mas’uliyati kabi mezonlar asosida baholandi.
Ikkinchi bosqichda “Yuksalish” tomonidan belgilangan mezonlar asosida ekspertlik baholash o‘tkazilib, 100 ballik tizimda 20 nafar tadbirkordan iborat yakuniy ro‘yxat shakllantirildi. Baholashda innovatsion g‘oya va yechim, iqtisodiy natijalar, faoliyat barqarorligi, raqobatbardoshlik, ijtimoiy mas’uliyat, jamiyatdagi obro‘-e'tibor hamda yosh tadbirkorlik madaniyatini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi inobatga olindi.
Reytingning birinchi pog‘onasidan “mamlakatda reklama va brending bozori sifat standartlarini oshirgan, nufuzli tanlovlar g‘olibi” Sintez Agency asoschisi Alina Mirzayeva joy egalladi. Undan keyingi o‘rinlarda Comfi B2B tizimi asoschisi Alisher Akbarov hamda United Ventures venchur fondi rahbari Azizbek Qurbanov turibdi.
Shuningdek, ro‘yxatdan Bon! asoschisi Behzod Ashurov, Safia asoschisi Bekzod Samigjanov, Cambridge o‘quv markazlari tarmog‘i asoschisi Jahongir Po‘latov, Bellissimo Pizza tarmog‘i asoschisi Farrux Abdullayev, Billz asoschisi Rustam Hamdamov va boshqalar o‘rin olgan.
Batafsil ro‘yxat quyidagicha:
- Alina Mirzayeva — Sintez reklama agentligi asoschisi;
- Alisher Akbarov — Comfi B2B tizimi asoschisi;
- Azizbek Qurbanov — United Ventures venchur fondi rahbari;
- Behzod Ashurov — Bon! qahvaxonalar tarmog‘i asoschisi;
- Bekzod Ahmedov — Agro Food Gastro holding asoschisi;
- Bekzod Samigjanov — Safia tarmog‘i asoschisi;
- Bobir Zokirov — Comfort Oil kompaniyasi asoschisi;
- Daler Orziyev — Synergy Pharm Co ta’sischisi;
- Dildora Atadjanova — Dalatek System asoschisi;
- Doston Aslanov — ShoxSaroy Group ta’sischisi;
- Farrux Abdullayev — Bellissimo Pizza tarmog‘i asoschisi;
- Gulbahor Tojimirzayeva — Guangzhou Shengli Trade Corporation asoschisi;
- Jahongir Po‘latov — Cambridge o‘quv markazlari tarmog‘i asoschisi;
- Muhammad Ismatov — Tinchlik Plaza mehmonxonalar tarmog‘i asoschisi;
- Rustam Abduvaxitov — Tourism & Entertainment Group direktori;
- Rustam Hamdamov — Billz kompaniyasi asoschisi;
- Sabina Bakiyeva — FACES influyens agentligi asoschisi;
- Sardor Primov — HED farmatsevtika kompaniyalari guruhi ta’sischisi;
- Temur Sa’diy — Ma’no Branding agentligi asoschisi;
- Charos Kamalova — Teplo loyihasi asoschisi.
Avvalroq O‘zbekistonda top-30 sunʼiy intellekt liderlari reytinggi tuzilgandi.

